Polimerlar nima?
Siz, albatta, plastmassadan tayyorlangan har xil buyum-idishlarni ko’rgansiz. Inson qo’li bilan yaratilgan rang-barang tusdagi buyumlar hayotimizga shu qadar singib ketganki, biz endilikda polimerlarsiz yashab bo’ladimikin, degan xayolga ham boramiz. Polimerlarni yaratishdagi birinchi qadam o’tgan asrning oxirlarida qo’yilgan edi. Peterburg universitetining professori N. N. Zinin ayrim moddalarning molekulalari uzun zanjir hosil qilishini kashf etdi. N. N. Zinin polimerlanish deb atagan bu hodisa mutlaqo kutilmagan hodisalarning dunyoga kelishiga asos bo’ldi. Buning uchun suv, ko’mir va havo tarkibidagi azot xom-ashyo bo’lib xizmat qiladi. Plastmassalarni osonlik bilan xilma-xil usullarda qayta ishlash mumkin, buning oqibatida ular inson uchun zarur xususiyatlar kasb etadi. Shu boisdan sun’iy rezinadan yasalgan shinani tabiiy rezinadan qilingan shinadan ajratish mushkul. Plastmassalar kishilarni hayratga soladigan xossalarga ega. Jumladan, kimyogarlar shunday polimerlarni yaratdilarki, ularning mustahkamligi po’latdan ancha ustun, lekin vazni po’latga nisbatan to’rt marta yengil. Bundan tashqari, plastmassa buyumlar zanglamaydi va osonlik bilan yeyilib, to’zib ketmaydi. Hozirgi kunda plastmassa quvurlar asta-sekin metall quvurlar o’rnini egallab bormoqda. Kimyogarlar plastmassa sohasida yana qanday kashfiyotlar qilishadi — buni kelajak ko’rsatadi. Bu ajoyib materialning imkoniyatlari hali hattoki olimlarning o’zi uchun ham sir bo’lib turibdi.