Po’stloqxo’rlar

Po’stloqxo’rlar (Ipidae, Scolytidae), po’stloqxo’r qo’ng’izlar — qo’ng’izlar oilasi. 3000 dan ortiq turi bor, keng tarqalgan. Po’stloqxo’rlar chin Po’stloqxo’rlar, lubxo’rlar va zabolonniklar (po’stloq osti qo’ng’izlari) guruxlariga bo’linadi. Ularning ayrim turlari po’stloq ostida, ba’zilari po’stloqda, boshqalari yog’ochda yoki ildizda, o’tsimon o’simliklar poyasida, ayrim tropik turlari meva va urug’larda yashaydi. Tanasi kichik (0,8— 3,5 millimetr), qo’ng’ir yoki qora, mo’ylovi ilgaksimon, oyoklari 4 bo’g’imli. O’zbekiston sharoitida, asosan, burishgan po’stloq osti qo’ng’izi (Scolytus ragulosus Ratz.) va G’arb tog’po’stloqxo’ri (Xyleborus dispar F.) turlari keng tarqalgan. Kurash choralari: zararlangan va qurigan shoxlarni qirqish va yoqib yuborish, daraxt tanasini shox va lishayniklardan tozalash, o’z vaqtida sug’orish va o’g’itlash. Kvark (6,9—13,8 l/ga), zolon (2,0—4,0 l/ga) va boshqa kimyoviy preparatlar bilan ishlov berish. Ko’ng’izlarning uchishi davri oldidan daraxtlar tanasini ohak eritmasi bilan oqlash, 0,2% li karbofos eritmasi purkash va boshqalar.