PROTEKSIONIZM

PROTEKSIONIZM (lot. protectio – panalash, homiylik) — davlatning ichki bozorni chet el raqobatidan himoya qilish va tovar ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorga chiqishini rag’batlantirishga qaratilgan iqtisodiy va huquqiy siyosati. Yevropada kapitalning dastlabki jamg’arilishi davri (XVI- XVIII asrlar)da paydo bo’ldi va yuzaga kelayotgan sanoatni rivojlantirishga yordam ko’rsatdi. Rivojlangan mamlakatlarda o’z fermerlarini qo’llab-quvvatlash va ichki oziq-ovqat bozorini himoya qilishga qaratilgan agrar Proteksionizm keng qo’llaniladi. O’zbekistonda ham tashqi savdoni davlat tomonidan tartibga solishda Proteksionizm siyosati qo’llaniladi. Bu siyosat asosida import o’rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni rag’batlantirish, eksport to’lovlarini kamaytirish, ichki bozorni sifatli tovar bilan ta‘minlash, tashqi savdoni mamlakat iqtisodiyoti manfaatlariga to’la bo’ysundirish strategiyasi turadi.