Psammofitlar
Psammofitlar (lotincha Psammos — qum va …Fit) — uchma qumlarda o’sadigan cho’l o’simliklari. Shamol qumni uchirganida ildizining ochilib qolmasligi, qum ko’mib qo’ymasligi va qumda ko’milib qolgan urug’ining ko’karib chiqishi uchun turli moslanishlar hosil qilgan. Daraxtlar va butalar, qumda ko’milib qolgan poyasidan kuchli rivojlangan ildizlar (saksovul, Qandim); qumdan chiqib qolgan ildizlardagi qo’shimcha kurtaklardan novdalar hosil qilish (qum akatsiyasi va boshqalar) xususiyatiga ega. O’tsimon Psammofitlar qalin qum qatlamidan o’sib chiqa oladigan ipsimon uzun, tez o’sadigan ildizpoya hosil qiladi (Iloq). Ko’pchilik Psammofitlar — efemerlar. Ko’p yillik Psammofitlarning barglari mayda, reduktsiyaga uchragan yoki barglari bo’lmaydi, poyasi orqali fotosintez va transpiratsiya qiladi (saksovul). Psammofitlarning mevasida turli xil o’simtalar va tuklari bo’lishi tufayli shamolda yaxshi uchganidan qumda ko’milib qolib ketmaydi.