Qadamjoy surma koni
Qadamjoy surma koni — Qirg’iziston Respublikasi O’sh viloyatidagi kon. Fargona shahridan 35 kilometr janubda. 1914 yilda ochilgan. Dolomit va ohaktoshlardan tashkil topgan Qatranboshi tog’ining Oqtosh antiklinali g’arbida joylashgan. Antiklinal subkenglik bo’ylab tik yotuvchi uzilishlardan hosil bo’lgan. Sanoatbop surmaning rudalanishi metasomatik kvarsli brekchiyalar — jasperoidlarda mujassamlangan. Surmaning eng ko’p zaxiralari tomirli tanalarda tik yotuvchi uzilmalar bo’ylab to’plangan. Kon rudali strukturasining uzunligi 7-8 kilometr, qatlamsimon tanalarning yo’nalish bo’yicha uzunligi 300600 metr, yotish bo’yicha 300-1500 metr, qalinligi 0,7—40 metr. Tomirsimon tanalarning uzunligi 400-800 metr; yotish bo’yicha 350-600 metrgacha, qalinligi 18 metr. Asosiy rudali mineral — antimonit kvarsflyuoritli, kvarskaltsitli rudali tanalarni tashkil qiladi, quyi gorizontlarda barit uchraydi. Pirit, sheelit, kinovar va boshqalar juda kam uchraydi. Kvarsantimonitli, kamdankam kvarsflyuoritli rudalarning tarkibidagi surma 0,1% dan o’nlab % gacha va oltinning doimiy bo’lmagan aralashmalari 0,5—1,5 g/t. Umumiy zaxiralari va bashoratli zaxiralar 167,6 ming tonna. Kondan hozirgi kunda foydalanilmoqda.