Qashqadaryo teatri
Qashqadaryo teatri, mulla To’ychi Toshmuhamedov nomidagi Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatri — O’zbekistondagi dastlabki professional teatrlardan biri. Qarshi va Shahrisabz havaskorlik jamoalari asosida qarshi tuman maorif mudiri A.Shoibzoda va sozanda A. Qodirov tomonidan 1932 yil 2 avgustda tashkil topgan. 1936 yil davlat teatri maqomi, 1943 yilda atoqli xonanda To’ychi Hofiz Toshmuhamedov nomi berilgan. Dastlab truppada N. va J. Sattorovlar, S. Husanov, N.Ostonov, S.Ro’zieva, M.Vafoeva, M. va J.Jalilovlar, T.Melnikova (Lola) va boshqalar ishlagan. U. Rahimov bilan A.Boltaev rejissyorlik qilgan. Teatrning shakllanishida “tor-mor” (K. Yashin), “Farhod va Shirin” (Xurshid; Sh.Shoumarov, To’ychi Hofiz, Yu.Rajabiy musiqasi), “G’unchalar” (Z. Fatxullin), “Nurxon” (K.Yashin; T.Jalilov) spektakllari muhim rol o’ynadi. 50-yillar o’rtalarida rejissyor D.Zaikin, aktyorlar A.To’laev, Spo’latov, N.Xolmatovlar bilan mustahkamlandi, mumtoz dramaturgiyaga, milliy mavzudagi yirik asarlarga murojaat etishga imkon yaratildi. “Uylanish” (N.Gogol), “Otello” (u.Shekspir), “Alisher Navoiy” (Uyg’un, I.Sulton), “Hurriyat” (Uyg’un), “Og’riq tishlar” (A.Qahhor) kabi spektakllar bunga misoldir. 60-yillarda A.Otaqulov, X.Mustafoqulov, A.To’laev, Q.Hakimovlar bosh rejissyor bo’lib ishlagan. 1966 yil Farg’ona viloyatida, 1967 yil Toshkentda gastrolda bo’lgan. 70-yillar bosh rejissyor — Q.Yo’ldoshev, bosh dirijyor — F.Komiljonov, O’zbekiston xalq artisti M.Nosirova, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artistlar X.Mustafoqulov, Yo. Rajabov, M.Mamatov, J.Ashurov, G.Murodov, M.Fayzullaeva, X.Ibrbhimova, Ato’layevlarning ijodiy faoliyati tufayli Qashqadaryo teatri viloyat teatrlari orasida nufuzli o’rinlardan birini egalladi. “O’jarlar” (J.Jabborov; Ik.Akbarov), “Ona” (Uyg’un), “Ezop” (Figeyredu), “Xasis Bahodir” (A.Pushkin), “Mayna Hasanova” (Adham rahmat) kabi turli janrlardagi e’tiborli spektakllar yaratildi. 80-yillar Qashqadaryo teatri hayotida murakkab davr bo’ldi. Shu davr boshida (1981) teatr repertuaridan “gavhari shamchiroq” (S. Ulug’zoda; A.Muhamedov), “G’ariblar” (A.Delmar), “hiylai shar’iy” (Guntekin), “Toshkentning nozanin Malikasi” (H.Muhammad), “to’ydan oldin tomosha” (J.Jabborov; Ik. Akbarov) kabi spektakllar o’rin olgan. 1986 yil boshida teatr yangi binoga ko’chib o’tdi. Bosh rejissyor bo’lib ishlagan A.Abdunazarov, B.Nazarov, taklif qilingan M. Ravshanov, M.Xachaturov ancha pasayib qolgan teatr mavqeini tiklashga o’z hissalarini qo’shdilar. Teatr yosh aktyorlar hisobiga mustahkamlandi. 1988 yil 4 oktyabrda rejissyor Abdurahmon Abdunazarov boshchiligida bir guruh yosh aktyorlar viloyat teatridan ajralib chiqib, “muloqot” teatrstudiyasini tashkil etdilar. Teatr “temir xotin” (Sh.Boshbekov) spektakli bilan ochilgan. Uning “jononga bordim bir kecha” (komediya), “zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari” (tragediya), “mayli saylang” (satira) pyesalaridan tuzilgan “Hamzaning noma’lum teatri” asari yosh ijodkorlarning milliy teatrning unutilgan an’analarini tiklash, sahnaviy talqinlarda tomoshabinlarga bevosita ta’sir etuvchi zamonaviy vositalarni ishga solishdan iborat harakatidan guvohlik berdi. Teatr respublika, xalqaro festivallarda 1-o’rinni oldi. Keyingi spektakllaridan “Baxtiyorni uylantiramiz” (E.Sobirov) folklor-etnografik tomoshasi, “Gulya+edik” (M.Bayjiev) alohida ajralib turadi. Keyingi yillarda Qashqadaryo teatrida “tikansiz tipratikanlar” (Sh.Boshbekov), “Sehrli uzuk” (M.Xalil), “Tuhmatchilar jazosi” (Hamza), “Sohibqiron” (A.Oripov), “Bir kam dunyo” (T.Yunus), “Ajabgul va Rajabgul” (Sh.Pardaev), “bir o’lib ko’raychi” (X.Xursandov), “ruhlar isyoni” (E.Vohidov) kabi turli janrda ko’plab milliy asarlar sahnalashtirildi. Umuman, mustaqillik davrida Qashqadaryo teatri milliy repertuarga, dramaturglar bilan yangi asarlar ustida ishlashga alohida e’tibor berib kelmoqda. Husan Amirqulov, O.Ismoilov, M.To’raqulov, S.Qoraboev, X.Isroilova, Haqberdi Amirqulov, A.Ro’zieva, B.Elmurodov, E.Shodiev, Q.Berdiev, M.Shoymardonov, R.Mustafoeva, F.Samieva, N.Boymurodova, T.Jalilov, Sh.Omonov, H.Ostonova, A.Bobomurodova va boshqalar yetakchi aktyorlardir. Bosh rejissyor, bosh rassom — Azamat Sattorov. Muhsin Qodirov.