Qavvali
Qavvali (Arabcha qavval — notiq, baxshi so’zidan) — Pokiston, shim. Hindiston, Bangladesh, shuningdek, Eron va ba’zi Arab mamlakatlarining ayrim vohalarida keng tarqalgan mumtoz musiqa janri. “Qavl” atamasi dastlab keng tarqalgan ashula shakllaridan birini anglatgan. Keyinchalik (taxminan 14-asrdan boshlab) shimoliy Hindiston hududi (G’uriylar davlati, Dehli sultonligi)da musulmon dini tarqalishi hamda O’rta Osiyo badiiy an’analarining ta’siri natijasida Qavvali diniy marosimlar bilan bog’liq holda rivojlanib kelgan, darvishlarning samolarida ham qo’llanilgan. O’rta asr risolalarida Qavvali janri tahlil etilgan (“dar juvoze sama'”, Abu Jalil bin Abdurahmon, 1650 va boshqalar), Qavvalining ilk mohir ijrochisi va ijodkori sifatida Xusrav Dehlaviy ko’rsatilgan (“Nag’mai Ushshoq”, Muhammad Nurasad Chishtiy, 1834 va boshqalar). Qavvali metr va ritm hamda raga bilan bog’liq lad asoslarining rivojlanganligi, ijro uslubi murakkabligi, shakli mukammalligi bilan ajralib turadi. Qavvali, asosan, ikkita yetakchi (kuchli, keng diapazonli, chuqur nafasli ovozga ega) xonanda, bir necha (odatda, 5-6) jo’rnavoz xonanda, setor, sarangi, tanpura, fisgarmoniya va tabla kabi cholg’ulardan tuzilgan sozandalar guruhi tomonidan turkum shaklida ijro etiladi. Qavvali kichikroq, asosiy parda tuzilmasi va asar kayfiyatini ifodalovchi cholg’uvokal muqaddima bilan boshlanib, murakkab uslubidagi asosiy qism bilan davom ettiriladi. Unda yakkaxon xonandaning badihalaridan keyin butun jamoa ijro etayotgan naqarot qismlari keladi. Jo’rnavoz xonandalarning Naqarot qismlarida qarsak chalib turishi, sur’atning tobora tezlashishi Qavvaliga xos bo’lgan xususiyatlardan. 2-asosiy qism to’la guruh tomonidan ijro etilib, aniq usul va muayyan she’riy matn (Xusrav Dehlaviy, Kabir, Tulsi Das, Mirza G’olib va boshqalarning muhabbat, Vatanparvarlik va diniy mavzudagi qasida, ruboiy va g’azal)larga asoslanadi. Qavvali hozirda diniy marosimlar bilan birga kontsert dasturlari, kino musiqasidan ham keng o’rin olgan. Muhiddin Nosirov.