Qaytmas jarayonlar
Qaytmas jarayonlar (fizikada) — muvozanat buzilganda sistemada o’z-o’zidan faqat bitta yo’nalish bo’yicha sodir bo’ladigan fizik jarayonlar. Diffuziya, issiqlik o’tkazuvchanlik, gazning muayyan hajm bo’yicha kengayishi va boshqalar hodisalar Qaytmas jarayonlarga misol bo’ladi. Hamma Qaytmas jarayonlar ketma-ket muvozanatsiz holatlarning uzluksiz qatoridan iborat. Sistemalarda Qaytmas jarayonlar sodir bo’lgan bo’lsa, uni tashqi muhitda hech qanday o’zgarish yuzaga keltirmasdan boshlang’ich holatiga qaytarish mumkin emas. Umuman, tabiatda sodir bo’ladigan hamma real jarayonlar Qaytmas jarayonlardan iborat. Berk sistemalarda shunday Qaytmas jarayonlar sodir bo’lishi mumkinki, natijada sistema entropiyasi faqat ortib boradi.