Qazilma organizmlar qoldiqlari

Qazilma organizmlar qoldiqlari, toshqotganlik — o’tgan geologik davrlarda yashagan organizmlarning cho’kindi tog’ jinslarida saqlanib qolgan hayot faoliyati izlari va qoldiqlari. Ularga qarab cho’kindi tog’ jinslarining nisbiy yoshi aniqlanadi. Qazilma organizmlar qoldiqlarining turli xil saqlanish shakllari ma’lum. O’simliklar, ayniqsa, yiriklari, tog’ jinslarida butunligicha ko’milib qolmaydi; ulardan bo’linib ketgan barglar, shoxlarning uzilgan qismlari, o’simliklar tanasining bo’laklari, mevalari, alohida urug’lari va kamdankam gul izlari saqlanib qoladi. Oksidlanish jarayoni ta’sirida organik moddalar yo’qolib, tog’ jinslarida o’simliklarning faqatgina izlari qoladi va ularda ba’zan ko’mirga aylangan yupqa po’st (kutikula) saqlanadi; kimyoviy reagentlar bilan ishlov berilgandan so’ng mikroskop ostida epiderma va og’izchalarning katakli tuzilishi ko’rinadi. Ba’zan o’simlik qoldiqlarini turli xil minerallar (kaltsit, limonit, amorfli kremnezyom, siderit va boshqalar) bilan o’rin almashishi sodir bo’ladi. Bu toshqotganlikda o’simliklar anatomik strukturasi saqlanib qoladi, ular fan uchun juda qimmatlidir. Hayvonlarning faqat skeletlarigina emas, balki yumshoq to’qimalarining tuzilishi to’g’risida ham xulosa chiqarishga imkon beruvchi butun jasadlari yoki ularning bo’laklari antropogen yotqizikdaridagina saqlanib qolgan. Hayvonlarning yaxshi saqlangan qoldiqlari (mamontlar, baliqlar va boshqalar) abadiy muzloq yer oblastlarida va ba’zan uyumlarni tashkil qiluvchi tabiiy asfaltsimon modda — ozokeritda qolgan bo’ladi. Mumiyoga aylangan qoldiqlar ham organizmlar to’g’risida ma’lumot beradi. Toshqotishlikning tez-tez sodir bo’lishi — qachonki organizmlar qoldiqlaridagi g’ovaklar suvli eritmalardan cho’kkan mineral moddalar bilan to’lganda; o’sha skeletning moddasi ham o’z strukturasini saklagan holda (psevdomorfoza) ular bilan almashtiriladi. Qazilma organizmlar qoldiqlari minerallashish jarayoni fossilizasiya deyiladi. Jinslarda, xitin skeletli umurtqasizlardan yupqa ko’mirga aylangan qatlamchalar qoladi. Paleontologiya va tarixiy geologiyaning qazilma organizmlar hosil bo’lish jarayonini o’rganuvchi bo’limi tafonomiya deb ataladi. Yer po’sti yotqiziqlarida saqlanib qolgan qadimiy geologik davrlardagi o’simliklarning qoldiqlari. Qazilma o’simliklarni paleobotanika fani o’rganadi. Butun holda tuban o’simliklar (suvo’tlar va bakteriyalar), yuksak o’simliklardan yo’sinlar, ba’zi mayda o’simliklar, yirik yuksak o’simliklardan ularning bo’lak-bo’lak qismlari (tanasi, po’stlog’i, bargi, guli, mevasi, urug’i, sporasi, gulchang donalari va boshqalar) saqlangan. Ko’pincha qazilma qoldiqlar orasida suv havzalari yonida o’sgan yog’ochsimon o’simlik va suvo’tlarning qismlari uchraydi. Qazilma o’simliklar odatda, botqoqlik, ko’l, daryo yotqiziqlarida hamda manbalarning ohakli va kremniyli yotqiziqlarida va dengiz sohili yotqiziqlarida qazilma hayvonlar bilan birga uchraydi. Qoldiqlarning saqlanish darajasi Qazilma o’simliklarni o’zida mujassamlashtirgan tog’jinslarining geologik yoshiga ham bog’liq. Qazilma o’simliklar strukturasi yemirilmay anatomik tuzilishi (masalan, o’simliklarning urug’i, danagi, yog’ochi, changi, bargaining epidermisi va igna barglilarning qubbasi va boshqalar) saqlanib, o’simlik to’qimalarining kimyoviy tarkibi birmuncha o’zgargan holda va o’simlik qoldig’i butunlay yo’qolib, tog’ jinslari orasida, ularning faqat izlari yoki har xil minerallar bilan to’lgan shakllari saqlangan holda uchraydi. Qazilma o’simliklarning bir nechta katta bo’limlari, tiplari (masalan, Psilofitsimonlar, bennettitlar, Lepidodendronlar va boshqalar) ma’lum. Ularni o’rganishdan olingan dalillarga ko’ra, uch milliard yil oldin, ya’ni arxey va proterozoy yotqiziqlarida bakteriyalar va bir hujayrali suvo’tlar yashagan. Yer usti o’simliklarining kembriyordovikda paydo bo’lganligi ehtimoldan uzoqroq bo’lsada, silur davrida paydo bo’lganligi aniq. Uzgaruvchan iqlim sharoitiga moslashish natijasida o’simliklar dunyosida katta va murakkab o’zgarishlar ro’y bergan. O’zgargan tabiiy sharoitga moslasha olmagan o’simliklar yo’qolib ketgan va moslasha olganlari yashab, yangi turlar yuzaga kelgan. Qazilma o’simliklarni o’rganish o’gmishda yer yuzini qoplagan o’simliklarning tarqalishi va tarkibi to’g’risidagi ma’lumotlarni beradi hamda o’simliklar evolyutsiyasi etapini belgilaydi. Qazilma o’simliklar sanoatda foydalaniladigan qazilmalarning (torf, qo’ng’ir ko’mir va toshko’mir, yonuvchi slaneslar) to’plamlarini hosil qiladi. O’rta Osiyo hududida karbon davrida yevromeriy tipdagi flora mavjud bo’lgan. Yura florasining vakillari O’zbekistonda, masalan, Ohangaron, Sho’rob, Sulukta va Sharg’undagi ko’mir konlari hosil bo’lishida katta rol o’ynagan.