Qirg’ovulsimonlar
Qirg’ovulsimonlar — tovuqsimonlar turkumiga mansub qushlar oilasi. 165 turi ma’lum. Yevrosiyo, Amerika va Afrikada tarqalgan. O’zbekistonda bedana, kaklik, ularlar va boshqa turlari uchraydi. Cho’l, o’tloq, butazor, qoyalarda, o’rmon va tekisliklarda yashaydi. Qirg’ovulsimonlar, asosan, o’troq yoki ko’chib yurib (faqat bedana mavsumiy) hayot kechiradi. Odatda, uyasini yerga, ba’zilari daraxtga yasaydi. 2-20 ta tuxum qo’yadi. O’simlik mahsulotlari, hasharotlar va boshqa umurtqasizlar bilan oziqlanadi. Qirg’ovulsimonlar ovlanadi. Yovvoyi tovuqlar xonaki tovuq zotlarining nasl boshidir, tovuslar xonakilashtirilgan, qirg’ovullar ovchilik xo’jaliklarida, bedanalar fermalarda ko’paytiriladi. 21 turi va 2 kenja turi Tabiatni muhofaza qilish xalqaro Ittifoqi qizil kitobiga kiritilgan.