Qizilo’rda
Qizilo’rda (1853 yilgacha Oqmachit, 1925 yilgacha Perovsk) — Qozog’iston Respublikasidagi shahar, qizil-O’rda viloyati markazi. Sirdaryoning o’ng sohilida. Temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 157,8 ming kishi (2002). Qizilo’rda 1820 yillarda Oqmachit nomi bilan Qo’qon xonligining qal’asi sifatida vujudga kelgan. 1853 yil iyulida Oqmachitni general V.A.Perovskiy boshchiligida rus qo’shinlari bosib oldi va u Perovskiy forti deb ataldi, keyinchalik Perovsk shahri deb nomlangan. 1917 yilgacha kichik ma’muriy savdo markazi. 1926 yildan 1929 yilgacha Qozog’iston poytaxti bo’lgan. Muhim korxonalari: tsellyuloza-karton, qurilish materiallari, uysozlik kombinatlari, poyabzal, tikuvchilik va trikotaj fabrikalari; oziq-ovqat sanoati korxonalari, pedagogika instituti, drama teatri, tarixiy-o’lkashunoslik muzeyi bor. Qizilo’rdadan Janubroqda sholipoyalarni sug’orish maqsadida Sirdaryoga to’g’on qurilgan. Shahar atrofida yirik sholikor xo’jaliklar joylashgan.