Qobiqlilar, uroxordalilar, tunikatlar, lichinkaxordalilar
Qobiqlilar, uroxordalilar, tunikatlar, lichinkaxordalilar — xordalilar kenja tipi. Qobiqlilarning ajdodlari suvda suzib yuradigan birlamchi xordalilar bo’lganligi, ulardan ayrimlari o’troq yashashga o’tganligi taxmin qilinadi. Uzunligi 0,3 santimetrdan (appendikulyariyalar) 30 metrgacha. Tanasi epiteliy hujayralar ishlab chiqaradigan tiniq epiteliy qobiq — tunika qobiq (nomi shundan) yoki quyuq mantiya bilan qoplangan. Xordasi faqat lichinkalik davrida bo’ladi (Appendikulyarilardan tashqari). Tselom qoldig’i bor. Ichagi sirtmoqqa o’xshab egilgan, orqa ichagi jabra oldi bo’shlig’iga ochiladi (appendikulyariyalar). Qon aylanish sistemasi yurak xaltasi va lakunalar to’ridan iborat. Nerv sistsmasi miya gangliysi va undan ketadigan orqa nerv poyasidan tashkil topgan. Sezgi organlari kuchsiz rivojlangan. Germafrodit. Ayrim turlarida murakkab rivojlanadigan, appendikulyatsiyalarga o’xshash lichinka bor. Ko’pchilik Qobiqlilar kurtaklanib ko’payib, koloniya hosil qiladi. 5 sinf: assidiyalar, olovtanalilar, salplar, bochkasimonlar, appendikulyariyalarga bo’linadi. 1500 ga yaqin turi bor. Dengizda o’troq yashaydi, yakka yoki koloniya bo’lib suzib yuradi. Mayda hayvonlar, suvo’tlar va organik qoldiqlar bilan oziqlanadi.