Qodirov G’afur
Qodirov G’afur (1917.1.2 – Toshkent — 1985.12.11) — kompozitor, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1983). Toshkent konservatoriyasini tugatgan (1945). Toshkent musiqa bilim yurti (1945-59), Toshkent konservatoriyasida pedagog (1959 yildan), dotsent (1969), O’zbekiston Bastakorlari uyushmasi mas’ul kotibi (1965 — 71). Simfonik orkestr uchun 2 “raqs syuitasi”, “balet syuitasi”, “Yoshlik uvertyurasi”, “so’zana” poemasi va boshqalar, o’zbek xalq cholg’ulari orkestri uchun 4 syuita, “yoshlar valsi”, “Qizlar raqsi” va boshqalar yozgan. Qodirov bolalar musiqasi sohasida samarali ijod qilib “Maktabjon- Oftobjon”, “biz yosh o’quvchilar”, “oq oltin” va boshqa vokal-simfonik asarlar, fortepiano, violonchel, klarnet va boshqa sozlar uchun turli pyesalar yozgan. Ayniqsa, dilkash ohanglarga boy xor, estrada va bolalar qo’shiqlari ommalashgan: “O’zbekistonim”, “yoshlar marshi”, “Mirzacho’l yor-yori”, “Bahor”, “Koyinmang, onajon”, “archa qo’shig’i” va boshqalar.