Qog’oz sanoati
Qog’oz sanoati, tsellyuloza-qog’oz sanoati — turli xildagi qog’ozlar, karton va ulardan mahsulotlar, tsellyuloza, tolali va qattiq yog’och tolali plitalar (DSP) ishlab chiqaruvchi sanoat tarmog’i. Shuningdek, tarmoqda qo’shimcha mahsulot tariqasida etil spirti, yem achitqilari, kanifol, skipidar va yog’ kislotalari tayyorlanadi. O’rta Osiyoda 20-asrning 20-yillariga qadar Qog’oz sanoati korxonalari bo’lmagan. Ayrim turdagi qog’ozlar paxtadan, ipakdan hunar-mandchilik usulida oz miqdorda tayyorlangan hamda chetdan keltirilgan. O’zbekistonda Qog’oz sanoati 30-yillarda vujudga keldi. 1932 yilda O’rta Osiyoda yagona bo’lgan Toshkent qog’oz fabrikasi ishga tushirildi va shu yili 1595 tonna qog’oz ishlab chiqarildi. 20-asrning 60-yillarida Angren shahrida ikkilamchi qog’oz materiallari (makulatura)tsan karton qutilar va idishlar tayyorlaydigan korxona qurildi. 90-yillar boshida Andijon, Namangan, Samarqand, Yangiyo’l va boshqa shaharlarda g’o’zapoya, sholipoya va tsellyulozadan qog’oz ishlab chiqaradigan bir necha fabrika, o’rta korxona tsexlar ishga tushirildi. 1995 yilda “O’zbekqog’oz sanoat” uyushmasi tashkil etildi (2003 yil oxirida tugatildi). 2003 yilda O’zbekiston Qog’oz sanoatida 3044 tonna tsellyuloza, 5735 tonna qog’oz, 3949 million dona yozuv daftarlari ishlab chiqarildi. Tarmoqdagi eng yirik korxona — “O’zbek qog’ozi” aktsiyadorlik jamiyati (Toshkent). Qog’oz sanoati chet davlatlarda AQSh (jahondagi ishlab chiqariladigan qog’oz va kartonning 1/3 qismi), Rossiya, Kanada, Finlyandiya, Shvetsiya, Yaponiya (AQSh, Kanada, Rossiyadan olinadigan xom ashyo hisobiga), GFRda rivojlangan. Bu mamlakatlarda Qog’oz sanoati mahsulotlari eksportning muhim bandini tashkil etadi.