Qohira
Qohira — Misr poytaxti. Afrikada eng katta shahar. Nil daryosi deltasidan Janubda, asosan, daryoning o’ng sohilida joylashgan. Ma’muriy jihatdan Qohira muhofazasini tashkil etadi. Aholisi 16 million kishidan ziyod (2000, shahar atrofi bilan). Iqlimi O’rta dengiz bo’yiga xos, o’rtacha temperatura yanvarda 12°, iyulda 27°. Yillik yog’in 34 millimetr, aprel — may oylarida 50 kungacha issiq quruq shamol — xamsin esadi. Qohira — xalqaro havo, mamlakatning temir yo’l, avtomobil va daryo yo’llarining yirik chorrahasi. Qohira va uning atrofida mamlakat sanoat korxonalarining ¼ qismi, fabrika va zavod ishchilarining 1/3 qismi to’plangan. Mashinasozlik (shu jumladan, transport mashinasozligi) va metallsozlik, to’qimachilik, kimyo, tsement va oziq-ovqat sanoatlari rivojlangan. Shahar yaqinida yirik qora metallurgiya markazi bor. Qohira — yirik savdo-moliya, Arab dunyosining muhim noshirlik faoliyati markazlaridan. Qohirada badiiy hunarmandchilik qadimdan rivojlangan: teri, yog’ochdan turli-tuman badiiy buyumlar tayyorlanadi. Shaharda Misr muzeyi, Islom san’ati muzeyi, badiiy muzeylar, Akademiya, universitet, Misr instituti va boshqa oliy o’quv yurtlari va ilmiy tadqiqot muassasalari (cho’l, tropik tibbiyot, qishloq xo’jaligi institutlari), kutubxonalar, teatrlar bor. Qadimda (taxminan miloddan avvalgi 17-asrda) Qohira o’rnida qishloq bo’lgan. Rim-Vizantiya davrida shahar Bobil, keyinroq Fustat nomlari bilan mashhur edi. 861 yilda Ahmad al-Farg’oniy Qohira yaqinidagi Ravzo orolida Nil daryosi suvi sathini o’lchab turadigan Nilometr qurgan. Bu noyob inshoot hoz. qadar saqlanib turibdi. 969 yilda shaharning shimoliy chekkasida “Misr al-Qohira” (“g’olib Misr”) nomi bilan Fotimiylar hokimlari qarorgohlari qurila boshladi. 641— 969 yillarda Qohira, Misr, Tuluniylar, Ixshidiylarning Arab noiblari, 973— 1171 yillarda Fotimiylar xalifaligi poytaxti bo’lgan. Ayyubiylar (1171 — 1250) va mamluklar (1250-1517) davrida yirik diniy-siyosiy, savdo va hunarmandchilik markazi edi. 1517 yilda shaharni Usmonli turklar egalladi. Misr ekspeditsiyasi davrida (1798- 1801) Qohira frantsuz qo’shinlari tomonidan bosib olingan. Shahar aholisi bir necha marta (1798, 1800) bosqinchilarga qarshi qo’zg’olon ko’targan. 19-asrda Qohira ancha rivojlandi, yangi turar joylar, sanoat korxonalari qurildi, oliy o’quv yurtlari tashkil etildi. 1882 yilda Qohirani ingliz qo’shinlari egallab, uni 1914-22 yillarda Britaniya protektorati ma’muriy markaziga aylantirdi. 1922 yildan Misr Podshohligi poytaxti. 1953-58 yillarda Misr Respublikasi, 1958-71 yillarda Birlashgan Arab Respublikasi, 1971 yildan Misr Arab Respublikasi poytaxti. Shahar eski va yangi qismlardan iborat. Eski Qohirada (Fustat, Bobil) “Troya minorasi” (miloddan avvalgi 130 yil), Vizantiya davri cherkovlari (Avliyo Sergiy, Bibi Maryam, Varvara) va ilk Arab davri Amr ibn al-aso masjidi (7-asr), Ibn Tulun masjidi (9-asr); fotimiylar davridan shahar devori xarobalari (11-asr), Ach-Azhar va boshqa masjidlar, Sab’a Banot (“Yetti qiz”, 11-asr), Umm Kulsum (1122) maqbaralari, masjidlar, Usmonli turklar davridan Sinon poshsho (1571), Muhammad Ali (1930-48) masjidlari saqlangan. Yangi shahar qismida keng ko’chalar, ko’p qavatli binolar, xiyobonlar, hukumat binolari, universitet shaharchasi, telemarkaz, bank binolari, sanoat rayonlari va boshqalar qurilgan.