Qo’ng’ir tuproqlar
Qo’ng’ir tuproqlar, cho’l va dasht qo’ng’ir tuproqlari — tuproq tipi. Asosan, chala cho’llarda, Kaspiy va Orol dengizlarining shimoliy sohillari hamda Qozog’iston past tog’larining janubiy qismida tarqalgan. Qo’ng’ir tuproqlar yuvilmaydigan suv rejimiga ega bo’lgan, tuproqda nam yetarli bo’lmagan, bug’lanish yog’inlar miqdoriga nisbatan 4-5 marta ko’p, muhiti ishqoriy, iqlimi keskin kontinental — yozi issiq, qishi sovuq, yillik yog’in miqdori 100 — 250 millimetr bo’lgan hududlarda shakllanadi. Tuproq hosil qiluvchi jinslar, asosan, lyossimon qumoqlar va turli darajada sho’rlangan allyuvial-ko’l cho’kindilaridan iborat. Qo’ng’ir tuproqlar tarkibidagi gumus miqdoriga qarab 2 tipchaga bo’linadi: tipik Qo’ng’ir tuproqlar (gumus miqdori 1,5—2%) va och qo’ng’ir tusli Qo’ng’ir tuproqlar (gumus miqdori 1 — 1,5%). Gumus miqdori mexanik tarkibiga ko’ra yuqori qatlamlarda 1,5—2% gacha, qumoq va qumli tuproqlarda 0,4—1% atrofida. Umumiy azot tuproqning yuqori gorizontlarida 0,11-0,18, fosfor 0,06-0,2%. Qo’ng’ir tuproqlardan, asosan, chorvachilikda qo’ylar boqish uchun yaylovlar sifatida foydalaniladi. Shamol eroziyasi kuchli rivojlanganligi sababli unga qarshi kurash tadbirlariga alohida e’tibor beriladi. Yaylovlar holatini yaxshilashda liman usulida sug’orishlan foydalanish mumkin. Hodimat Maxsudov.