Qo’ng’izlar, qattiqqanotlilar
Qo’ng’izlar, qattiqqanotlilar — hasharotlar turkumi. 140 oilasi, 300 mingdan ortiq turi ma’lum. Qo’ng’izlarning tana uzunligi 0,25—180 millimetr. Yumshoqtanlilar oilasining vakillaridan boshqalarida tana qoplami sklerotlashgan. Bosh, ko’krak, qorin qismlari bir-biridan aniq chegaralangan. Oldingi juft qanotlari qattiq ustqanot (elitra)ga aylangan bo’lib, qorin va ikkinchi — orqa juft parda qanotlarini himoya qiladi. To’la o’zgarish bilan rivojlanadi. Ovalsimon tuxumlari silliq qobiq bilan o’ralgan. Lichinkalari 2 xil: kampodesimon — harakatchan, oyoqlari yaxshi rivojlangan, yirtqich (masalan, sassiq qo’ng’izlar, yumshoqtanlilar, bitxo’r xonqizi qo’ng’izlari va boshqalar) va eruksimonlar — seret, kamharakat. Qo’ng’izlarning ko’pchiligi qishloq xo’jalik ekinlari, daraxt va oziq-ovqat mahsulotlarining zararkunandasi. Yetuk hasharotlar hamda ular lichinkalarining shikastlash xarakteriga qarab, Qo’ng’izlar barg kemiruvchilar (masalan, bargxo’rlar, uzun-tumshuklar va boshqalar), po’stloq osti yoki yog’ochda rivojlanuvchi poya-tana kemiruvchilar (tilla qo’ng’izlar, po’stloqxo’rlar, uzun mo’ylov qo’ng’izlar va boshqalar), tuproqdagi ildiz kemiruvchilar (asosan, may qo’ng’izi lichinkalari, qora Qo’ng’izlar qirsildoq Qo’ng’izlar), meva va urug’ zararkunandalari (nay o’rovchilar, urug’xo’rlar, donxo’rlar va boshqalar), g’alla mahsulotlari vateri zararkunandalariga bo’linadi. Sug’orma dehqonchilik mintaqasida foydali Qo’ng’izlar (xonqizi qo’ng’izlari, sassiq qo’ng’izlar) ham yashaydi. Go’ngxo’r Qo’ng’izlar, o’limtikxo’r Qo’ng’izlar kabi turlari chirindi va o’limtiklar bilan oziqlanib, tabiatda sanitar vazifasini o’taydi.