Qonli bit, qonli olma biti
Qonli bit, qonli olma biti — o’simlik bitlari oilasiga mansub hasharot. Tanasi 2,1—2,6 millimetr. Olmaning xavfli zararkunandasi. Vatani — Amerika. Janubiy Afrika, Yevropa, Osiyo, shu jumladan, O’zbekistonda tarqalgan. Bir mavsumda 19 marta nasl beradi. Olma (ba’zan nok) tanasida, ildizida qishlaydi. Qonli bit to’dalari o’zidan oq mumsimon ip ajratib, novda, poya hamda ildizni o’raydi va o’simlik shirasini so’rib oziqlanadi. Daraxtning zararlangan joylari yo’g’onlashadi, bo’rtma va yaralar paydo bo’ladi. O’sishi hamda hosildorligiga, ayniqsa, yosh nihollarga zarar keltiradi. Kurash choralari: bahorda qishlovchi lichinkalari va urg’ochi bitlarga qarshi nitrafen purkash; biologik qarshi kurash maqsadida afelinusdan foydalaniladi.