QONUNCHILIK

QONUNCHILIK — 1) davlatning o’z oldida turgan vazifa va funksiyalarini amalga oshirish usullaridan biri. Bu vakolatli davlat organlari (parlament) tomonidan davlat va jamiyat hayotining eng muhim masalalari bo’yicha qonunlar qabul qilish faoliyatida ifodalanadi; 2) muayyan davlatda amalda bo’lgan yoki ijtimoiy munosabatlarning barchasini yohud ma‘lum bir sohasini tartibga soladigan normativ-huquqiy hujjatlar (masalan, fuqaro qonunchiligi, jinoyat qonunchiligi) yig’indisi. Qonunchilik ayni paytda huquq normalarini o’zida ifodalagan normativ aktlarning oddiy jamlanmasi bo’lmay, balki, ularni yuridik kuchi va ahamiyatiga qarab bir tizimga solinishidir. Qonunchilik tizimi bilan huquq tizimi o’zaro uzviy bog’liq. Huquq tizimi huquqning mazmunini, uning ichki tuzilishini ifodalasa, Qonunchilik tizimi huquqning tashqi shaklini, mavjud huquq normalariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritadigan, eskilarini bekor qiladigan aktlarni ham ichiga oladi.