Qor xat

Qor xat — birinchi qor yoqqan kuni o’ziga yaqin kishilarga yozilgan maktub. Qadimdan Qor xat yozish an’ana bo’lgan. Qor xatning sharti shundan iboratki, qor yoqqanini 1-bo’lib ko’rgan odam o’ziga yaqin, ko’ngli tortgan kishiga maktub yozib, o’ziga sezdirmasdan qo’liga berishi (yoki cho’ntagiga solib qo’yish) va qochishi kerak. Maktubni “bilmay” qabul qilgan kishi xat muallifini quvib etib, uning qo’liga tutqaza olmasa, u xatda yozilgan shartni bajarishi kerak bo’ladi. Agar xat darhol egasiga qaytarilsa, unda xat muallifining o’zi maktubdagi shartlarni bajaradi. 1-qor yoqqanidan foydalanib, yigitlar qizlarga, oshiqlar o’z mahbubasiga xat yozishga intilishadi. Qor xat “suyunchi” uslubida yoziladi. Muallifning o’zi xat yozayotgan kishini 1-qor bilan tabriklaydi, unga sog’lik, baxt va ishlariga muvaffaqiyatlar tilaydi. So’ng o’zining istak, shartini bayon qiladi. Qor xat yozishdan maqsad “raqib”ni ziyofatga tushirishdir. Shu sababli, Qor xatda ziyofat qachon, qayerda, necha kishiga berilishi lozimligi albatta yoziladi. Ba’zi hollarda Qor xatda ziyofat emas, balki sovg’a olib berish ham so’raladi. Xalq og’zaki ijodi va adabiy-badiiy asarlarda “birinchi qor” va “qor xat”ga oid ko’plab namunalar mavjud.