Qora dengiz iqtisodiy hamkorligi
Qora dengiz iqtisodiy hamkorligi — Yevropadagi davlatlararo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik tashkiloti. 1992 yil 25 iyunda 11 ta mamlakat davlat va hukumatlar boshliqlarining Istanbul uchrashuvida imzolangan hamkorlik to’g’risida Deklaratsiya asosida tashkil topgan. Albaniya, Armaniston. Bolgariya, Gresiya, Gruziya. Moldaviya, Ozarbayjon, Rossiya, Ruminiya, Turkiya, Ukraina a’zo. Tashkilotning asosiy maqsadlari do’stona va yaxshi qo’shnichilik munosabatlarini rivojlantirish yo’li bilan qora dengizni tinchlik va taraqqiyot dengiziga aylantirish; ikki tomonlama va ko’p tomonlama Qora dengiz iqtisodiy hamkorligini chuqurlashtirish; iqtisodiy, texnologik va ijtimoiy taraqqiyotga, shuningdek, erkin tadbirkorlikka yordam ko’rsatish; ishtirokchi mamlakatlar, ayniqsa, bozor iqtisodiyotiga o’tish bosqichida turgan mamlakatlarning o’ziga xos iqtisodiy manfaatlariga e’tibor berish; iqtisodiyot, sanoat, fan, texnologiyalar, atrof muhitni muhofaza qilishda hamkorlikni rivojlantirish va Diversifikatsiyalash uchun barcha imkoniyatlardan foydalanish va boshqalar. Shtab kvartirasi Istanbul shahri (Turkiya)da.