Qorachoy-Cherkasiya

Qorachoy-Cherkasiya, Qorachoy-Cherkasiya Respublikasi — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi respublika. Rossiya Yevropa qismining Janubda joylashgan. Maydoni 14,1 ming km2. Aholisi 439,7 ming kishi (2002). Poytaxti — Cherkessk shahri. Ma’muriy jihatdan 8 rayon, 4 shahar va 7 shaharchaga bo’lingan. Davlat tuzumi. Qorachoy-Cherkasiya — respublika. Oliy mansabdor shaxs — respublika Prezidenti. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Xalq Majlisi (parlament), ijrochi hokimiyatni rais boshchiligidagi Respublika hukumati amalga oshiradi. Tabiati. Qorachoy-Cherkasiya Katta Kavkazning shimoliy yon bag’rida, Elbrusning G’arb va shimolda. Shimolroqda yon tizma joylashgan bo’lib eng baland nuqtasi — Elbrus (5642 metr). Foydali qazilmalari: ko’mir, oltin, rangli metallar, o’tga chidamli gil. Iqlimi balandlik mintaqalari bo’ylab o’zgarib boradi. Shimolda (tog’ etaklarida) yanvarning o’rtacha temperaturasi — 5°, Janubda (baland tog’larda) — 10°, iyulniki shimolda (tog’ etaklarida) 21°, Janubda (baland tog’larda) 8°. Yillik yog’in 550-2500 mm. Asosiy daryolari — kuban va uning irmoqlari. Tuproqlari shimolda qoratuproq, Janubda balandlik ortib borgan sari tog’-o’rmon qo’ng’ir va tog’ o’tloqi tuproqlar tarqalgan. Tog’ etaklarida dasht o’simliklari, tog’larda qoraqayin, grab, eman, daryo vodiylarida qarag’ay, qoraqarag’ay, oqqarag’ay o’sadi, tog’larning yuqori qismi subalp va Alp o’tloqlaridan iborat. O’rmon va baland tog’larda qo’ng’ir ayiq, o’rmon mushugi, qobon, silovsin, suvsar, asl bug’u, kiyik, yovvoyi echki, qushlardan ular, karqur yashaydi. Hududida Teberda qo’riqxonasi va Kavkaz qo’riqxonasining bir qismi joylashgan. Aholisi. Qorachoy-Cherkasiyada qorachoylar (32,2%), cherkaslar (9,7%), ruslar (42,4%), aba- zinlar (6,6%), no’g’aylar (3,2%), Ukrainlar (1,5%), osetinlar (0,9%) va boshqalar yashaydi. Davlat tillari — qorachoy, Cherkas, rus, abazin va no’g’ay tillari. shahar aholisi 44%. Dindorlari Musulmon-sunniylar va xristianlar. Asosiy shaharlari: Cherkessk, ust-Jeguta, Teberda. Tarixi. Qorachoy-Cherkasiya hududida odam qadimdan yashab kelgan. 10-asrda adigey-Cherkas, 13— 14-asrlarda qorachoy elatlari shakllandi. 14-16-asrlarda Qorachoy-Cherkasiya hududiga abazinlar, 17-asrda no’g’aylar ko’chib bordi. 19-asr 1-yarmida Qorachoy-Cherkasiya hududi Rossiyaga qo’shib olindi. 1918 yil Fevralda sovet hokimiyati o’rnatildi. 1918 yil kuzdan 1920 yil aprelgacha oqgvardiyachilar qo’lida bo’ldi. 1922 yil 12 yanvarda Qorachoy-Cherkasiya Muxtor viloyati tuzildi. 1926 yil qorachoy Muxtor viloyati va Cherkasiya milliy okrugi (1928 yil 30 apreldan Cherkasiya Muxtor viloyati)ga bo’lindi. 1942 yil avgustda Qorachoy-Cherkasiya nemislar tomonidan bosib olindi. 1943 yil yanvarda ozod etildi. 1943 yil oktabrda Qorachoy Muxtor viloyati tugatilib, aholisi SSSRning Sharqiy o’lkalariga deportatsiya qilindi. 1957 yil yanvarda Birlashgan qorachoy-Cherkasiya muxtor viloyati tuzildi. 1992 yildan Qorachoy-Cherkasiya Respublikasi. Xo’jaligi. Yalpi mahsulotda sanoat 18,4%, qishloq xo’jaligi 29,5%, qurilish 5,5%, transport 1%, savdo 12,5% ni tashkil etadi. Sanoatining asosiy tarmoqlari: kimyo va neft kimyosi, oziq-ovqat, qurilish materiallari sanoati, mashinasozlik va metallsozlik, rangli metallurgiya, o’rmon, yog’ochsozlik va tsellyuloza-qog’oz, engil sanoat. Kon-ruda sanoat tarmog’i rivojlangan. yiliga o’rtacha 40 million kVt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi. Ko’p sanoat korxonalar Cherkessk, Karachaevsk shaharlari va Mednogorsk shaharchasida joylashgan. Qishloq xo’jaligida yetakchi tarmoq — go’sht-sut chorvachiligi, qo’ychilik, kartoshka va sabzavot yetishtirish. Qishloq xo’jaligi uchun yaroqli bo’lgan 134,5 ming gektar yerning 71,4 ming gektar (53,1%) haydaladi. Dehqonchilikda bug’doy, makkajo’xori, kungaboqar, qand lavlagi, arpa, tariq ekiladi. Mevachilik rivojlangan. Yilqichilik, parrandachilik, asalarichilik bilan ham shug’ullaniladi. Sug’orish sistemasi rivojlangan (katta Stavropol kanali bor). Transportida avtomobil transporti muhim mavqega ega: qattiq qoplamali avtomobil yo’llari uzunligi 1887 kilometr. Qorachoy-Cherkasiya hududini harbiy Suxumi avtomobil yo’li kesib o’tgan. Temir yo’llar uzunligi 51 kilometr. Tog’ turizmi, alpinizm rivojlangan. Tibbiy xizmati. Qorachoy-Cherkasiyada har 10 ming aholiga 34 vrach to’g’ri keladi. 10 dan ortiq sanatoriy-kurort va dam olish muassasasi bor (Teberda, Arxiz, dombay iklimiy kurortlari va boshqalar). Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Maorifi Rossiya Federatsiyasida qabul etilgan tizimga muvofiq tashkil qilingan. 180 umumiy o’rta ta’lim maktabida 72 ming, 6 o’rta maxsus o’quv yurtida 4,5 ming o’quvchi, 2 oliy o’quv yurti (peagogika universiteti, texnologiya instituti)da 4,9 ming talaba ta’lim oladi. Iqtisodiyot, tarix, til va adabiyot ilmiy tadqiqot instituti, 170 kutubxona bor. Adabiyoti. Qorachoy-Cherkasiyaning tub aholisi (qorachoy, cherkas, abazin va no’g’oylar) adabiyoti 20-asrning 20-yillarida shakllandi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida o’z yozuvini yaratish va ona tilida maktab darsliklarini yaratishga urinishlar bo’lgan. 20-asrning 20-yillarida qorachoy shoirlari I.Karaketov, A.Urtenov, D.Boyqulov, abazin yozuvchisi T.Tabulov, no’g’oy yozuvchisi X.Bulatukov ijod qildilar. 30-yillarda cherkas yozuvchilari X.Abukov, M.Dishekov romanlari, I.Amirokov, qorachoy yozuvchisi X.Appaev qissalari, qorachoy shoirlari A.Botasheva, D.Boyqulov, M.Urusov she’r va dostonlari, no’g’oy adibi X.Bulatukov pyesalari nashr etildi. No’g’oy yozuvchisi F.Abduljalilov, cherkas adibi X.Gashokov, qorachoy shoirasi X. Bayramukova asarlari xalqning nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashiga bag’ishlandi. 2-jahon urushidan keyin qorachoy yozuvchi va shoirlari O.Xubiyev, D.Kubanov, A.Suyunchev, N.Xubiev, M.Batchaev, cherkas adiblari A.Oxtov, S. Xatuov, X. Xapsirokov, M.Axmetov, A.Xanfenov, abazin yozuvchilari X.Jirov, P.Tsekov, K.Jegutanov, B.Txaytsuxov, M.Chikatuev, D.Laguchev, no’g’oy adiblari F.Abduljalilov, S.Kapaev va boshqalar samarali ijod qildilar. Me’morligi va tasviriy san’ati. Qorachoy-Cherkasiya hududida 1 —13-asrlarga oid yer ustiga o’rnatilgan sag’analar, qadimgi shaharlar (toshdan qurilgan mudofaa devorlari xarobalari bilan), Vizantiya tipidagi uncha katta bo’lmagan va freskali xristian cherkovlari (Shoan tog’idagi ibodatxona; Nijnyaya Teberda qishlog’i yaqinidagi sentin ibodatxonasi, ikkovi ham 10-11-asrlarga oid), 17— 18-asrlarga oid mudofaa inshootlari (Adiyux qadimgi shaharchasi minorasi, 18-asrning 60-yillari) saqlangan. Qorachoylarning an’anaviy turar joylari devori yog’ochdan, tomi og’ir tuproqdan ikki tomonga nishab qilib qurilgan; cherkaslar turar joylari usti loy bilan suvalgan chetan devorli, qamish yoki somon tomli uylar bo’lgan. Hozirgi davrda Cherkessk, Karachevsk, Teberda kabi zamonaviy shaharlar, ko’plab turar joy binolari, jamoat va madaniy-maishiy inshootlar mavjud. Qorachoy-Cherkasiyaning qadimgi san’at yodgorliklari — miloddan avvalgi 3-2-ming yillikka oid jezdan yasalgan bezak va badiiy keramika, miloddan avvalgi 2-5-asrlarga oid metall va keramika buyumlaridir. Hozirgi davrda rangtasvir (I.G.Akov, M.X.Chomaev va boshqalar) va grafika (Ya.G. Kriskiy va boshqalar) vujudga keldi. Xalq san’atida yog’och o’ymakorligi, bo’yra to’qish, zargarlik, kashtado’zlik rivojlangan.