Qorako’l

Qorako’l — Buxoro viloyati Qorako’l tumanidagi shahar (1980 y.dan), tuman markazi. Temir yo’l stantsiyasi. Qorako’ldan viloyat markazi (Buxoro shahri)gacha 61 kilometr. Aholisi 20,9 ming kishi (2005). Qorako’lda paxta tozalash, g’isht zavodlari, MTP, don mahsulotlari aktsiyadorlik jamiyati, qurilish tashkilotlari, avtokorxona, neft bazasi bor. Kichik, o’rta biznes va yirik korxonalar, shuningdek, “Qorako’lteks” qo’shma korxonasi ishlab turibdi. Umumiy ta’lim, bolalar musiqa maktablari, gimnaziya, litsey, 2 kasb-hunar kollejlari, tuman Markaziy kutubxonasi, klub muassasalari, madaniyat uylari, madaniyat va istirohat bog’i, Xotira yodgorligi bor. Tuman Markaziy kasalxonasi, poliklinika, tug’ruqxona, ambulatoriya, dorixonalar, aholiga xizmat ko’rsatadi. Shahar yonidan xalqaro yo’nalishlarda temir yo’l o’tgan. Tuman markazi bilan qishloqlar o’rtasida va Qorako’l — Buxoro ora-lig’ida avtobuslar va marshrutli taksilar qatnaydi.