Qorako’l, Qorako’l terilari
Qorako’l, Qorako’l terilari — Qorako’l qo’y zotiga mansub 1-3 kunlik qo’zilardan olinadigan teri turi (mo’yna mahsuloti). Noyob xom ashyo. Qorako’l xususiyati turli shakl va o’lchamdagi zich jingalaklar (masalan, loviyasimon, qalami va hokazolar) hosil qiluvchi qalin, elastik, ipaksimon, yaltiroq jun qoplamidir. Eng qimmatlisi qalami gullilari hisoblanib, gullari parallel-kontsentrik, to’g’ri qatorli joylashgan bo’ladi. Yelka va dumgaza qismi, asosan qalami va dona gullardan iborat bo’lib, boshqa qismlari unchalik qimmatli bo’lmagan jingalaklar — gullar bilan qoplangan. Qorako’l terilarining qimmati jingalak qatlamining tekisligi, yaltiroqligi, ipaksimonligi, junining yengil, mayin, chidamliligi bilan belgilanadi. Oqva qora tolalarning nisbatiga qarab qora, och ko’k (sutsimon, po’latrang); o’rta ko’k (havorang, kumushrang, marvaridrang, qo’rg’oshinrang); to’q ko’k (oqishrang, sadafrang); qora ko’k (qora Sherozi); sur (Buxoro suri. tillarang. kumushrang, olmosrang, och binafsharang); qoraqalpoq suri (po’latrang, o’rikgul, shamchiroq, Qambar); Surxondaryo suri (bronzarang, oq oltinrang. qahraborang, toshko’mirrang) va jun qoplamining rangiga qarab guligaz, Qambar, zarmalla (to’q sariq); oq. shuturi, qo’ng’ir, oq tushgan qora kabi terilar ham bor. Hamma turdagi Qorako’l terilarining gullari uzunligi va eniga qarab quyidagicha bo’linadi. Eni bo’yicha: maydagul — 4 millimetrgacha; o’rtagul — 4 millimetrdan 8 millimetrgacha; kattagul — 8 millimetr va undan ziyod. Uzunligi bo’yicha: kaltagul — 20 millimetrgacha; o’rtacha uzunlikdagi gul — 20 millimetrdan 40 millimetrgacha va uzun gul — 40 millimetr va undan uzun. Har bir rang ichida gullarining va jun tola qoplamining sifatiga qarab 3 navga ajratiladi. Shuningdek, qorako’lcha (biror sabab bilan muddatidan oldin tug’ilgan (120— 140 kunlik) yoki so’yilgan ona qo’yning qornidagi 134-145 kunlik homiladan olingan Qorako’l terisi) ham Qorako’lning bir turi hisoblanadi. Uning gullari tekis, nozik bo’lganligi sababli yuqori qadrlanadi. Jaketlar, yoqalar, bosh kiyimlar va boshqa mahsulotlar tayyorlashda ishlatiladi. Qorako’l terilari Xelsinki, Kopengagen, Sankt-Peterburg, London, Nyu-York va boshqa xalqaro jahon bozorlarida sotiladi. Sur’at Yusupov.