Qoramolchilik

Qoramolchilik – chorvachilikning asosiy sohalaridan biri, aholini go’sht, sut mahsulotlari hamda engil sanoatni teri va boshqa xom ashyo bilan ta’minlaydi. Qoramolchilik chiqindisi bo’lgan go’ng dehqonchilikda yerlar unumdorligini oshirishda keng qo’llaniladi (ba’zi mamlakatlarda qoramoldan ish hayvoni sifatida foydalaniladi). Qoramolchilik xo’jalik tarmog’i sifatida yovvoyi qoramol turlari xonakilashtirilgan paytdan paydo bo’lgan. Dastlab qoramoldan go’shti uchun hamda ish hayvoni sifatida foydalanilgan. Sut iste’mol qilina boshlagach, odamlar undan yog’, pishloq va boshqa mahsulotlar tayyorlashni o’rgandilar, natijada sut Qoramolchilikining ahamiyati oshdi, sut sanoati shakllandi. Qoramolchilik qadimdan hozirgi O’zbekiston hududida intensiv sharoitlarda va yaylov usulida rivojlangan. 19-asr oxiriga qadar Qoramolchilikning asosiy qismini kammahsul, jussasi mayda jaydari hamda zebusimon qoramollar tashkil qilgan. 20-asrning 20-yillaridan boshlab respublikada mahalliy va Zebusimon qoramollarni madaniy qoraola, qizilcho’l va shvis zotlari bilan chatishtirish asosida mahsuldor podalar guruhini shakllantirish hamda nasldor sof zotli qoramollarning reproduktor xo’jaliklarini tashkil etish, davlat va kooperativ xo’jaliklari Qoramolchilik sut-tovar fermalarini rivojlantirish va sutchilik komplekslarini tashkil etish, Qoramolchilikni ixtisoslashtirish, kontsentrasiyalash va sanoat texnologiyalari asosiga o’tkazish ishlari amalga oshirildi. Qoramolchilikning sut, sut-go’sht, go’sht hamda naslchilik yo’nalishidagi xo’jaliklar, naslchilik zavodlari, xo’jaliklari va fermalari tashkil etildi. Natijada 80-yillarga kelib qoramollar zotdorligi 98-99% ga yetkazildi. Nasldor sigirlarning 3800-4100 kilogramm sut beradigan podalari barpo etildi. Go’shtchilik komplekslarida parvarish qilingan novvoslar vazni 12-13 oyligida 400-420 kilogrammga ko’tarildi. Tumanlarda tashkil etilgan xo’jaliklararo bo’rdoqichilik korxonalarida qoramollarni jadal boqish va bo’rdoqilash ijobiy natijalar berdi. Qoramolchilik amaliyotining taraqqiy etishida ilg’or tajriba va fan yutuqlari muhim rol o’ynadi. 1932 yilda chorvachilik tajriba stansiyasining va 1939 yilda O’zbekiston chorvachilik ilmiy tadqiqot institutining tashkil etilishi chorvachilik va xususan Qoramolchilik sohasida muhim burilish bo’ldi. Qoramolchilik rivojining tipologik, ozuqa va selektsiya asoslari ishlab chiqildi hamda amaliyotga keng joriy qilindi. 1924 yilda qoramollar soni 1229,4 ming boshni, shu jumladan, sigirlar 407,5 ming boshni tashkil qilgan bo’lsa, 1991 yilda bu ko’rsatkichlar tegishlicha 4580,8 va 1856,4 ming boshga, 2004 yilda 5873 va 2556,7 ming boshga yetdi. 1924 yilda go’sht yetishtirish (tirik vaznda, ming tonna) 84,0, 1991 yilda 789, 2003 yilda 935,5; sut yetishtirish tegishlicha 262,0, 3034,2 va 4030,3 ni tashkil etdi. Sigirlardan o’rtacha sut sog’ib olish 1924 yilda 400 kilogrammdan 1990 yilda 1685 kilogrammga, qoramollarni go’shtga topshirish vazni 150 kilogrammdan 401 kilogrammgacha ko’tarildi. Keyingi 14-15 yil mobaynida qoramollar soni va yetishtirilgan yalpi chorva mahsulotlari hajmi o’sdi. Qoramolchilik sohasida tashkil etilgan fermer xo’jaliklarida mahsuldorlik ko’rsatkichlari yaxshilandi. 1990 — 2003 yillarda respublikada qoramollar soni 1293,9 ming boshga yoki 28,3%ga, sigirlar soni 700,3 ming boshga yoki 37,7% ga ko’paydi. O’zbekistonda Qoramolchilik bo’yicha ilmiy tadqiqot ishlari O’zbekiston chorvachilik ilmiy tadqiqot institutida olib boriladi. Qoramolchilik fan sifatida oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlarining zoomuhandislik va veterinariya fakultetlarida o’qitiladi. Xorijiy davlatlarda sut yo’nalishidagi Qoramolchilik, ayniqsa, Gollandiya, Daniya, Germaniya, Isroil, AQSh, Kanada, Yaponiya va yangi Zelandiyada rivojlangan (sigirlarning o’rtacha sut sog’imi 8-11 ming kilogramm). Go’shtdor Qoramolchilik AQSh Frantsiya, Angliya, Italiya, Kanada va Avstraliyada tashkil etilgan (go’sht olinadigan 14-15 oylik novvoslar vazni 500-550 kilogramm). Dunyo mamlakatlarida urchitilayotgan qoramollar soni 1,33 milliard bosh atrofida (1999). Jahonda turli tabiiy iqlim sharoitlariga moslashgan 250 dan ortiq qoramol zotlari boqiladi. Ad.: Nosirov U. N ., Qoramolchilik, T., 2001. Ubaydulla Nosirov.