Qoratov
Qoratov — Tyanshan tog’larining shimoliy-g’arbiy tarmog’i. Uzunligi 420 kilometrdan ziyod. Qozog’istonning Jambul, Janubiy Qozog’iston va Qizilo’rda viloyatlari hududida joylashgan. Shimoli-sharqdan Chu- Sarisuv, Janub va Janubi-g’arbdan Sirdaryo botiqlari bilan o’ralgan. Eng baland joyi 2176 metr (Bessoz tog’i). Q.ning suvayirg’ich qismi tekislangan yuzalardan iborat. Yon bag’irlari asimmetrik tuzilishga ega: shimoliy-Sharqiy yon bag’ri tik. Tizma gersin burmalanishi davrida shakllangan va yangi tektonik harakatlar ta’sirida ko’tarilayotgan gumbazsimon-palaxsa tipidagi antiklinoriydir. Slanes, qumtosh, konglomerat, gneys, ohaktosh, dolomitlardan tashkil topgan. Quyi paleozoy davri ohaktoshlari, ayniqsa, keng tarqalgan. Bularda karst jarayonlari yaxshi rivojlangan bo’lib, karst voronkalari, botiqlari, g’orlari kabi relef shakllari hosil bo’lgan. Qoratovda yirik fosforit va polimetall ruda konlari (Mirg’alimsoy, Kentov, Achisoy va boshqalar) ochilgan va qazib olinmoqda.