Qoraxitoylar

Qoraxitoylar – kidanlar davlati tor-mor etilgach (1125), O’rta Osiyoga kelgan kidanlar va ulardan ilgariroq bu yerga ko’chib kelgan kidanlarga (16 ming oila) o’rta asr muarrixlari tomonidan berilgan nom. 12-asr o’rtasi — 13- asr boshlarida 18 yoshga to’lgan barcha Qoraxitoylar Qoraxitoylar davlatini tuzgan kidanlarning Elyuy urug’idan chiqqan Gurxonlarning qo’shinida harbiy xizmatni o’tashgan. Qoraxitoylarning asosiy qismi Talas va Chu daryolari vodiysida chorvachilik bilan mashg’ul bo’lganlar. Qoraxitoylarda patriarxal-urug’chilik tuzumi qoldiqlari bilan uyg’unlashib ketgan mulkchilik munosabatlari ustuvor bo’lgan, biroq ayollar katta huquqqa ega edilar. Qoraxitoylar buddaviylar bo’lsa-da, osmon, yer va ajdodlar ruhiga qurbonlik qilishgan. Chingizxonning maslahatchisi Elyuy chuqay Qoraxitoylar orasida bo’lganida ularning yuksak adabiy fazilatlarga ega dostonini yozib olgan. Keyinchalik Qoraxitoylar qo’shni turkiy xalqlar tarkibiga singib ketishgan. Qirg’iz, qozoq va qoraqalpoqlar tarkibida Qoraxitoylar qabila-urug’ nomi uchraydi. Qoraxitoylar moddiy madaniyati obidalari tadqiq etilmagan.