Qo’shilish
Qo’shilish — arxeologik yodgorlik. Mezolit davri (miloddan avvalgi 12-mingyillik)ga oid ibtidoiy odamlar manzilgohi. Bo’zsuv kanalining chap sohili, qo’shilish mavzesida joylashgan. Arxeolog V.A.Zaxarevich topgan (1966 yil). 1967 yil O’. Islomov tomonidan tekshirilgan. Qo’shilishdan toshdan ishlangan mehnat qurollari, ibtidoiy odamlar iste’mol qilgan hayvonlarning suyak qoldiqlari topilgan va o’rganilgan. Hamma mehnat qurollari (qirg’ichlar, iskana, o’roq, randa, pichoqsimon qurollar va boshqalar) mayda tosh parchalari, qisman plastinkalardan tayyorlangan. Ixcham uchburchak mehnat qurollari ham uchraydi. Qo’shilishni o’rganish so’nggi paleolit davridan boshlab Toshkent hududida uzluksiz odam yashaganligidan dalolat beradi.