Qosimov Maqsud
Qosimov Maqsud (1905-Toshkent -1965) — yog’och o’ymakori, naqqosh usta. Hunarni tog’asi usta Mirsoat Isamuhamedovdan o’rgangan. 16 yoshidan duradgor usta. 1935 yilda Toshkent badiiy o’quv ishlab chiqarish kombinatida ta’lim olgan; yog’och o’ymakorligini A.Abdurahmonov va S.Xo’jayevdan, naqqoshlikni O. Qosimjonovdan, panjarasozlikni usta N.Ziyoqoriyevdan o’zlashtirgan. Qosimov ijodiy faoliyatida buyumlarni an’anaviy naqshlar bilan bezagan; yog’och o’ymakorligi bilan panjara san’atini uyg’unlashtirib eshik, stol, kursi, quticha kabi jozibador buyumlar tayyorlagan. Qosimov shuningdek, Butunittifoq qishloq xo’jalik ko’rgazmasining O’zbekiston, Qirg’iziston, Tojikiston pavilonlarini bezashda qatnashgan; Muqimiy teatrining o’ymakori eshigini, Navoiy teatridagi O’rindiqlarni (“sebarg” naqshi bilan) bezagan; Navoiy teatridagi ganchkorlik ishlarida, me’moriy obidalar (jumladan, Polovtsev uyi, hozirgi Amaliy san’at muzeyi binosi va boshqalar)ni ta’mirlashda ishtirok etgan. 1940-42 yillarda Qirg’iziston poytaxtidagi hunarmandlik o’quv ishlab chiqarish kombinatida, 1950-yillarning oxiridan Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtida dars bergan; O. Fayzullayev, H. Qosimov kabi shogirdlar tayyorlagan. Qosimov ishlaridan namunalar respublika va chet mamlakatlar muzeylarida saqlanadi.