Qoziaskar
Qoziaskar, qozi o’rdu – 1) Musulmon Sharqi mamlakatlarida harbiy xizmatdagilarning qozisi. Xiva xonligida lashkar va qo’shindagi qonun-qoidalar ustidan nazorat qilib, shar’iy masalalarni hal qilgan. Ba’zi hollarda iltimosiga muvofiq harbiy bo’lmagan kishilarning ishlarini ham ko’rish uchun qabul qilgan. Xon safarga chiqqanida Qoziaskar unga hamroh bo’lib, o’z vazifasiga tegishli ishlar bo’yicha xonga shaxsan o’zi ma’lumot bergan. Qoziaskar rasmiy qabul marosimlarida xonning o’ng tomonida qozikalondan keyin, 2-o’rinda o’tirgan; 2) Usmonli turk imperiyasida 14-asr o’rtalaridan harbiy-sud tabaqasi boshlig’i, Sulton devoni a’zosi. Qoziaskar harbiy ishlar, 15-asrda shayxulislom mansabi joriy etilguncha esa diniy ishlar yuzasidan ham devonga tushgan shikoyat arizalarini ko’rib o’zining yakuniy qarorini chiqargan. 1481 yildan 2 ta Qoziaskar bo’lgan: — Rumeli Qoziaskari (saltanatning Yevropa qismi uchun) va Anadolu Qoziaskari (saltanatning Osiyo va keyinchalik Afrika qismi uchun); Rumeli Qoziaskari. Rutbasi balandroq bo’lgan. Qoziaskarlarga shartli yer mulki(arpalik) va xazinadan maosh to’langan. Sulton Mahmud II ning harbiy islohotlari natijasida (19-asrning 20-30-yillari) Qoziaskarlar Real hokimiyatdan mahrum bo’lishgan, lekin 1922 yil Sultonlik barham topguniga qadar oliy diniy martaba sifatida nomigagina mavjud bo’lgan.