Qo’ziyev Tursunali Karimovich
Qo’ziyev Tursunali Karimovich (1954.18.11, Surxondaryo viloyati Surxon qishlog’i) — grafik rassom, Kandakor, foto san’ati ustasi. O’zbekiston Badiiy Akademiyasi Akademik (1997), O’zbekiston Respublikasi san’at arbobi (1999). Benkov nomidagi respublika rassomlik bilim yurti (1976) va Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti (1982)ni tugatgan; badiiy kandakorlikni usta O.Azizovdan o’rgangan. Qo’ziyev ish faoliyatini Jarqo’rg’on shahri bosh rassomi sifatida boshlagan. Surxondaryo viloyati madaniyat fondi raisi (1987-92), Respublika rassomlik bilim yurti direktori (1993-95), O’zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni mas’ul xodimi (1995-96), O’zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirining birinchi o’rinbosari (1996-97); 1997 yildan O’zbekiston Badiiy Akademiyasi raisi, ayni bir vaqtda O’zbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi, 1998 yildan Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti professor. Qo’ziyev asarlariga borliqni shoirona talqin etish, ranglar yorqinligi, nafisligi xos. “Jarqo’rg’onlik bog’bon”, “ona yurtim”, “Olimlar”, “Naqshbandiyga bag’ishlov” uchligi (tritpixi), “to’linoy”, “qiz portreti”, “Munojot”, “shoira portreti” kabi rangtasvir, “Alisher Navoiy” (mis), “Tib qonunlari” (mis), “Afsona” kabi kandakorlik asarlarini yaratgan. Grafik rassom sifatida Mirtemir asarlariga hamda o’zbek, rus, gruzin ertaklariga bezaklar, “Yoshlik qo’shig’i” devoriy rasm (1979, hamkorlikda, Jarqo’rg’on shahrida), “Turnalar” yodgorligi (1982, Sherobod tumanida) kabi monumental asarlar ishlagan. Badiiy foto asarlari mavzu jihatidan rang-barang, ularda ona yurt madhi, jahon madaniy merosi, o’ziga xos tabiati, tarixiy obidalari, xalqning milliy urf-odati poetik talqinini topgan. “O’zbek fotografiyasi. 125 yil” antologiyasi, “Langar”, “Ijodimiz haqida gapirsak” albomlari muallifi. Qo’ziyev Respublika va xorijiy mamlakatlar (Hindiston, Yaponiya, Koreya, Misr, Pokiston, Frantsiya, Italiya, Germaniya va boshqalar) ko’rgazmalarida asarlari bilan ishtirok etgan. 2-chaqiriq O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati. O’zbekiston milliy entsiklopediyasi Bosh tahrir hay’ati a’zosi (2000). “Do’stlik” ordeni bilan mukofotlangan (2003). As: nafosat maktabi, T., 1995; kompozitsiya asoslari, T., 2003; rangtasvir (hamkorlikda), T., 2004; Kamoliddin Behzod va tamaddun, T., 2004.