Qozog’iston past tog’lari
Qozog’iston past tog’lari, Sariorqa, Markaziy Qozog’iston past tog’lari — Qozog’istonning markaziy va Sharqiy qismlarida joylashgan hamda past tog’lar va tizmalari bo’lgan tekislik-qirli hudud. Shimolda G’arbiy Sibir, shimoli-Sharqda Oltoy tog’lari, Zaysan botig’i. Sharqda Tarbag’atoy, Janub va Janubi-g’arbda Turon tekisligi, Balxash-Olako’l botig’i, Betpakdala cho’li, g’arbda To’rg’ay platosi bilan o’ralgan. Ushbu hudud ilmiy adabiyotlarda “Markaziy Qozog’iston”, “Qozog’iston bur-Mali o’lkasi”, “Sharqiy Qozog’iston penepleni”, “Sariorqa” nomlari bilan ma’lum. G’arbdan sharqqa 1500 kilometrga cho’zilgan. Eni g’arbida 950 kilometr, Sharqiy qismida 350-400 kilometr. Yer yuzasi tekis, faqat 2 tog’: g’arbida Ulug’tov (113 metr) va shimolda Ko’kchatov qirlari (Sinyuxa tog’i, 947 metr) bor. Sharqiy qismi balandroq (o’rtacha 500-1000 metr) va relefi o’rqirli. Qozog’iston past tog’larining eng baland joyi — Markaziy qismidagi Qarqarali toglari (1565 metr). Sharqida Chingiztov tizmasi (1077 metr) joylashgan. Past tog’lar (mutlaq balandligi 500-600 metr) Qozog’iston past tog’larini o’rab olgan. Qozog’iston past tog’lari paleozoy davrining metamorfik slanes, kvarsit, qumtosh va ohaktoshlaridan tuzilgan. Iqlimi keskin Kontinental, yog’in kam, quruq. Qishi sovuq, qor qoplami qalin emas. Yozi issiq, bulut kam. Havo temperaturasi amplitudasi katta, yanvarning o’rtacha temperaturasi -14°, -18°, iyulniki 20-24°. Yillik yog’in 200-300 mm. Eng yirik daryolari: ishim (Irtish havzasi), Nura, Sarisuv. Daryolari qishda muzlaydi. Ko’l ko’p. Qozog’iston past tog’larining shimoliy qismi dasht zonasida bo’lib, har xil o’t, betaga-chalov, markazi quruq dasht zonasida, to’q kashtan va kashtan tuproklarda betaga-chalov o’simliklari, Janub va Sharqiy qismi chala cho’l zonasida bo’lib, och kashtan tuproqlarda dasht va cho’l o’simliklari o’sadi. Muhim tabiiy qazilma boyliklari ko’mir, temir, marganes, mis, rux, nikel rudalari, boksit, qo’rg’oshin, fosforit, kaliy va osh tuzi konlaridir. Qurg’alji qo’riqxonasi va Barnaul milliy bog’i tashkil etilgan. Ad.: Djanalieva K . M ., Budnikova T. K. i dr., Fizicheskaya geografiya Kazaxstana i Sredney Azii, L., 1965; Baratov P., Mamatqulov M., Rafiqov A.. O’rta Osiyo tabiiy geografiyasi, T., 2002. Murod Mamatqulov.