Qozonliq daxmasi
Qozonliq daxmasi – Bolgariyadagi qadimgi me’moriy yodgorlik (miloddan avvalgi 4-asr oxiri — 3-asr boshi); Qozonliq shahri yaqinidagi qo’rg’on osti dafn inshooti. 1944 yilda yer ostidan topilgan. Inshoot g’isht va toshdan qurilgan; daxma aylana tarhli, konus shaklidagi gumbazli va qisqa yo’lakdan iborat. Yunon-frakiylar san’atining Nodir namunasidir. Gumbaz osti aylana tarzida ishlangan devoriy rasmlar bilan qoplangan; unda maishiy (motam marosimlari) va harbiy (aravalar poygasi va boshqalar) lavhalar tasvirlangan. Ular naqshli hoshiya belbog’ bilan 2 yarusga ajratilgan. Rasmlar vazmin va mutanosib kompozisiyasi, harakatlarning tabiiyligi bilan ajralib turadi. Sokin, ulug’vor motam muhiti mayin hamda qat’iy kolorit bilan uyg’un. Jahon merosi ro’yxatiga kiritilgan.