Qubodiyon, Qabodiyon
Qubodiyon, Qabodiyon – O’rta Osiyodagi tarixiy viloyat. Kofirnihon daryosining quyi oqimida. Sag’oniyon bilan Vaxsh oralig’ida, hozirgi Qo’rgontepa viloyatining Shaartuz tumani (Tojikiston) hududida joylashgan. Xitoy manbalarida (7-asr) Kexoyenna mulki tarzida keltirilib, uning hududi sharqdan g’arbga tomon 2 kunlik yo’l ekani qayd etilgan. Qubodiyonning Markaziy shahri Sag’oniyon poytaxtidan qolishmagan. Shaharda 3 ta Budda monastiri joylashgan. O’rta asrlarda Qubodiyon nomi ilk bor Tabariy asarida 725 yil Asad ibn Abdullohning Xuttalonga yurishi munosabati bilan uchraydi. Qubodiyon 8-asr o’rtalarida arablar tomonidan bosib olingan. 9-asrda Qubodiyon ma’muriy jihatdan Xuttalon viloyatiga qaragan. 10-asrda esa Sag’oniyon (Chag’oniyon) viloyati tarkibida bo’lgan. Sam’oniyning yozishicha, 12-asrda Qubodiyon Balx viloyatiga mansub obod nohiya edi. Qubodiyon hududini Romil daryosi kesib o’tgan. Bu erda arablarning Tamim qabilasi yashagan, ular harbiy ishda mohir bo’lishgan. Hozirda Qo’rg’ontepaning Janubi- g’arbidagi tuman markazi Qabodiyon deb ataladi. Uning atrofida Kaykubodshoh va Qal’ai Mir shahar xarobalari bor, lekin Qubodiyon markazi o’rni Shaartuzdan 9 kilometr masofada joylashgan Qiziltepa yoxud Qizqal’a o’rnida bo’lgan. Bu erda hayot Kushonlar davridan 13-asr boshiga qadar davom etgan. 11-asrda Xurosonda ro’yan o’simligining “kubodi” nomli maxsus navi mashhur bo’lgan. Bu nav Qubodiyonda yetishtirilgan va 10-asrda asosiy qishloq xo’jalik ekini hisoblangan; ro’yan katta miqdorda Hindistonga eksport qilingan. Undan olingan daromadning bir qismini viloyat hokimi olgan. 17-asrda ham ro’yan Qubodiyondan chetga chiqariladigan asosiy qishloq xo’jalik mahsuloti sanalgan, undan tashqari Qubodiyondan ajoyib anorlar va 2 turdagi uzum shinnisi chiqarilgan. Qubodiyon tog’larida 10-asrda neft. saqich va bitum, shuningdek, Feruza konlari bo’lgan. 12-asrda Sam’oniy Qubodiyonning mashhur shifobaxsh bulog’i haqida yozgan. Bu buloq hozirda Chiluchor chashma deb ataladi. Uning oldida yaqin vaqtlargacha eski masjid bo’lgan. uning ustunlaridan birida masjid qurilgan sana (749 yil) ko’rsatilgan. 19-asr va 20-asr boshida Qubodiyon Buxoro amirligining Qubodiyon bekligiga bo’ysungan. Ad.:Kamaliddinov Sh . S . Istoricheskaya geografiya Yujiogo Sogda i Toxaristana po araboyazmchnmm istochnikam IX — nachalo XIII vv.. T., 1996. Faxriddin Hasanov.