Quduq

Quduq — vertikal shaxta yoki o’ra ko’rinishidagi gidrotexnika inshooti. Quduqning aholini suv bilan ta’minlash va sug’orish uchun yer osti suvlarini yig’ish maqsadida quriladigan suv to’plovchi; yer osti suvlarini yer usti suvlari bilan qo’shish yoki drenaj suvlari va tindirilgan kanalizatsiya suvlarini yig’ish maqsadida quriladigan suv singdiruvchi; Daryo, ko’l, suv omborlaridan olinadigan suvlarni rostlash maqsadida qirg’oqqa yaqin quriladigan qirg’oq bo’yi xillari bo’ladi. Suv to’plovchi Quduq juda keng tarqalgan bo’lib, asosan, ichimlik suv olish uchun quriladi. Konstruktsiyasi, qurilish usuli hamda devorining mustahkamligiga qarab shaxtasimon va quvurli (burg’ilangan) xillarga bo’linadi. Shaxtasimon Quduq uncha chuqur joylashmagan kam bosimli suv saqlovchi qatlamlardagi suvni olish uchun quriladi. Bunday Quduqlar kichik posyolkalar, chorvachilik fermalari, dala shiyponlari va yaylovlarni suv bilan ta’minlash maqsadida qaziladi, suvi iste’mol uchun yaroqli bo’lsa, Maxsus tozalash talab etilmaydi. Ularning diametri (yoki kengligi) 0,8 dan 1,5 metrgacha, chuqurligi 30-40 metrgacha (ba’zi joylarda 100-300 metrgacha) bo’ladi. Shaxtasimon Quduqlarga suv filtrlar yoki g’ovak betondan qilingan devorlar orqali o’tadi. Shaxtasimon Quduqlarning ko’pchiligi debeti sutkasiga 5—100 m3 atrofida. Devorlari yog’och, tosh va beton bilan mustahkamlanadi. Undagi suv turli suv chiqaruvchi qurilmalar yordamida olinadi. Quvurli (burg’ilangan) Quduq turli chuqurlikda yotgan, suvi ko’p bo’lgan (bosimli va bosimsiz) yer qatlamlaridan suv olish uchun quriladi. Bularda suv saqlovchi qatlamlar sathidan yuqoriga, hattoki o’z bosimi bilan yer sirtigacha ko’tarilishi mumkin (masalan, artezian Quduqlar). Quvurli Quduqlarning chuqurligi 800 metrgacha boradi. Bu turdagi Quduqlarning suvi markazlashtirilgan suv bilan ta’minlash sistemasida ishlatiladi. Quvurning suv saqlovchi qatlamga etgan qismiga filtr (beton, keramika, shag’al va boshqalar) ishlanadi. Quvurli Quduqlarning suvi markazdan qochirma cho’ktirma nasoslar, yerliftlar va sifonlar yordamida chiqarib olinadi. Suv singdiruvchi Quduq vertikal drenajning bir turi sifatida berk botiqlarning zaxini qochirishda qo’llaniladi. Quduq vositasida zax bosgan qatlamni suv yutgich qatlam bilan birlashtirib, ortiqcha suvni suv yutgich qatlamga o’tkazib yuborish mumkin. Qirg’oq bo’yi Quduqi panjaralar bilan bo’lingan kameradan iborat bo’lib, suv daryo, ko’l va boshqa manbalardan quvur orqali oqib keladi. Quduq vazifasiga ko’ra funt, artezian, drenaj va kuzatish Quduqga bo’linadi.