Quloq kasalliklari
Quloq kasalliklari – quloqning tug’ma nuqsonlari, shikastlanishi va kasalliklari. Tug’ma nuqsonlariga: tashqi eshituv yo’lining bitib ketishi (atreziyalar), quloq suprasining yaxshi rivojlanmaganligi (mikrotiya), ya’ni kemtik bo’lishi (xalqda chinoq deyiladi) yo butunlay bo’lmasligi (anotiya); o’rta quloqda, asosan, nog’ora bo’shlig’idagi suyak to’qimasining o’sib ketishi, eshituv suyakchalari bo’lmasligi yoki ularning o’zaro birikib ketishi; ichki quloqda korti organining yo’qligi yoki to’la rivojlanmaganligi va boshqalar kiradi. Tashqi quloq shikastlari, masalan, quloq suprasining lat yeyishi (aksari sport travmasi), uning teri osti yoki Tog’ay pardasiga qon quyilishi (gematoma) ko’p uchraydi. Kalla suyagi og’ir jarohatlanganda, odatda, o’rta va ichki quloq shikastlanadi. Haddan ziyod kuchli ovoz yoki uzoq vaqt shovqin ta’sir etishi — akustik travma, shuningdek, yuqori darajadagi bosimning birdan pasayishi (barotravma) oqibatida ichki quloq zararlanadi. Quloq sarig’i (quloq kiri, chirk ham deyiladi)ning ko’p ajralishi (hamda tashqi eshituv yo’liga tiqilib qolishi) tashqi quloqning keng tarqalgan (yallig’lanishsiz o’tadigan) kasalliklaridan. Quloq suprasi terisida ekzema, saramas, chipqon, zamburug’kasalliklari (otomikoz) ham kuzatilishi; o’rta quloq bilan ichki quloqni birlashtirib turadigan oval darcha sohasidagi suyak to’qimasining o’sib ketishi natijasida eshitish xususiyati tobora pasayib borishi mumkin. Ichki quloqning yallig’lanishsiz kechadigan kasalliklari intoksikasiya, qon aylanishi, vegetativ nerv sistemasi va endokrin bezlar faoliyatining buzilishi oqibatida kelib chiqadi. Quloqning yallig’lanish bilan o’tadigan xastaliklari otit deb ataladi. Kasallikka o’z vaqtida davo qilib, bemor vrach buyurganlarini qat’iy bajarsa, u ko’pincha tuzalib ketadi; aksincha, vrach ko’rsatmalariga amal qilinmasa yoki har kim o’z bilgicha davolansa, yallig’lanish surunkali tus olishi, shuningdek, meningit, sepsis, miya to’qimasi abssessi kabi og’ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Aksariyat, infektsion kasalliklar (gripp, meningit, qizamiq, tepki), shuningdek, antibiotiklarni nazoratsiz ishlatish (asosan, o’z bilgicha davolash), xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilmaslik, individual himoya vositalaridan foydalanmaslik va boshqa quloq og’irligi va karlikka sabab bo’ladi. Quloqqa yot jismlar — tugmacha va boshqalar tushishi (xususan, bolalarda) va mayda hasharotlar kirib ketishi tez-tez uchrab turadi. Quloqdan yot jismlarni faqat vrach chiqarib olishi lozim, o’z bilgicha urinish yot jismni ichkariga itarib yuborishi va uni olishni qiyinlashtirishi mumkin. Quloq shikastlanishi orasida quloq suprasini sovuq urushi ko’p uchraydi. Quloqni faqat kosmetik kabinetda teshtirish kerak, aks holda quloq suprasiga infektsiya kirib, uni yallig’lantirishi mumkin. Quloq kasalliklarining oldini olish va eshitish faoliyatini asrashda burundan normal nafas olishning ahamiyati katta. Shuning uchun ayniqsa, bolalarda adenoid, polip, gaymorit va hokazolarni o’z vaqgida davolash, burun to’sig’i qiyshig’ini bartaraf etish zarur.