Qum vannalari
Qum vannalari, qumga tushish, psammoterapiya — issiq qumdan davo maqsadida foydalanish; issiq bilan davolash usullaridan. Qadimda quyoshda qizigan issiq qum bilan davolash keng rusum bo’lgan; Arab, yunon, rimliklar va Sharqiy Hindiston aholisi o’rtasida bu usul samarali qo’llanilgan. Qum vannalari haqidagi ma’lumotlar Ibn Sino qo’lyozmalarida ham qayd etilgan. “Agar qumdan mahorat bilan foydalana olsangiz, moddalar almashinuvini yaxshilashga erishiladi. Inson baquvvat bo’lib, kayfiyati tetiklanadi. Ortiqcha moddalar tezda erib, ter bilan chiqib ketadi, u surunkali sovuklikni bartaraf etadi, bosh og’rig’ini qoldirib, miyani mustahkamlaydi”. Qum bilan davolash yoz oylarida o’tkaziladi, asosan, qumning yuqori qatlamidan foydalaniladi. Ertalab qum maydonchalarida medalon shaklida 2×1 metr hajmidagi “jo’yacha”lar tayyorlanadi. Har bir “jo’yacha” ning bosh tomoniga 6-10 santimetr balandlikda qumdan tayyorlangan yostiqchalar qo’yiladi. Bemorlar muolaja qabul qilishdan yarim soat oldin kelib, maxsus soya joyda dam olishadi va issiq muhitning termik sharoitiga ko’nikishadi. Bu vaqtda tibbiy xodimlar bemorning vazni, gavda harorati, qon bosimi, pulsi va hokazolarni o’lchaydi. Bevosita muolaja o’tkazish oldidan ertalab tayyorlab qo’yilgan va oftobda qizigan “jo’yacha”larning yupqa qavati olinadi va to’plab qo’yiladi. Bemor jo’yachaga yotgandan keyin uning badani qum bilan o’raladi va eng ustki qismi to’plab qo’yilgan issiq qum bilan ko’miladi. Qum vannalari umumiy va mahalliy bo’lishi mumkin. Umumiy Qum vannalari o’tkazilganda bemorning tanasi va qo’l-oyoqlari (yurak sohasidan tashqari) issiq qum bilan o’raladi. Mahalliy usulda bemorning qo’l va oyoqlari yoki tanasining ayrim qismigina o’raladi. bemorning boshi ustiga quyoshdan himoya qilish uchun soyabon qo’yiladi. Umumiy qumli vannalar kattalar uchun 20-30, bolalar uchun esa 10-15 minut davomida qabul qilinadi. Mahalliy muolaja 40— 60 minut, so’ngra issiq suvda yuvinish tavsiya etiladi. Qum vannalari ta’sirida butun tana bir xilda qiziydi, og’riq qoladi. Organizmda oksidlanish jarayonlari kuchayadi. Qum vannalarini poliartrit, periferik nerv sistemasi kasalliklari, ayollar jinsiy a’zolarining surunkali kasalliklarida buyuriladi. Tibbiy tiklanish va fizioterapiya ilmiy tadqiqot institutinkng termiz filialida bemorlarni qum bilan davolash yo’lga qo’yilgan.