Qumli cho’l tuproqlari
Qumli cho’l tuproqlari – qumda o’suvchi o’simliklar tagida shakllanadigan tuproq tipi. Ildiz-chirindili qatlami o’simlik qoldiqlarining chirishi hisobiga hosil bo’ladi. Qumli cho’l tuproqlari Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari, Fargona vodiysi, Qoraqalpog’iston, shuningdek, Turkmaniston va Tojikistonda tarqalgan. Qumli cho’l tuproqlari yuzasi (5-6 santimetr)da har joydan bir o’simlik poyasi yoki ildizi o’sib chiqqan quruq sochiluvchan qumdan iborat. Bu tuproqlar tarkibida chirindi miqdori juda kam (0,1—0,5%) bo’lib, 30-35 santimetr chuqurlikkacha uchraydi. Yalpi shakldagi azot va fosforning miqdori juda kam. Tuproq profilida karbonatlarning dog’, sochilgan va boshqa shakllardagi hosilalari ko’rinib turadi. Tuproq reaktsiyasi kuchsiz ishqorli yoki ishqorli. Qumli cho’l tuproqlari sho’rlanmagan yoki kuchsiz sho’rlangan (suvda eriydigan tuzlar 2 metr va undan chuqurda joylashgan; 1,5—2,0%). Ko’pincha tuzlarning asosiy qismini suvda kam eriydigan sulfatlar tashkil etadi. Shuning uchun o’zlashtirishning dastlabki yillarida bu tuproqlar sho’ri yuvilmaydi. Bu tuproqlarning singdirish kompleksi, asosan, kaltsiy va magniydan iborat (singdirish sig’imi juda kam — 5,0—6,0 mg. ekv). Bu tuproqlarning suv o’tkazuvchanligi juda kuchli bo’lgani uchun sug’orish suvi tuproqning o’simlik ildizlari rivojlanadigan qismida ushlanmay, egat boshidayoq tezda quyi qatlamlarga shimilib ketadi. Tuproqlarning suv o’tkazuvchanligini kamaytirish uchun kolmataj (loyqali suv bilan sug’orish) qilinadi. Shamol eroziyasiga qarshi kurashda ko’p yillik o’tlar va o’rmon daraxtlari ekishdan tashqari polimer preparatlardan (K-4, lateks va boshqalar), shuningdek, soz-qumoqli materiallardan foydalaniladi. Xodimat Maxsudov.