Qurbonov Ta’naberdi
Qurbonov Ta’naberdi (1936.8.8, Pastdarg’om tumani) — aktyor, rejissyor, O’zbekiston xalq artisti (1978). Samarqand universiteti (1960) va Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1964). 1964 yildan H.Olimjon nomidagi Samarqand davlat musiqali drama teatrida aktyor, rejissyor, direktor (1970-95). Obrazlari his-tuyg’ularga boy, ularning chuqur ichki kechinmalari, kuchli tuyg’ularini tabiiy va haroratli ifoda etish Qurbonov ijodiga xos. Makferson (K. Simonov, “rus masalasi”), Fig’oniy (S.Azimov, “qonli sarob”), Teterov (M.Gorkiy, “Tubanlikda”), Karl Moor (F.Shiller, “Qaroqchilar”), Ahmad Rizo (N. Hikmat, “Tentak”), Ezop (G.Figeyredo, “Ezop”), xilmi afandi (R.Guntekin, “hiylai sha’riy”), General (K.Chapek, “nomi o’chsin”), Otello (U. Shekspir, “Otello”), Ulug’bek (M. Shayxzoda, “Mirzo Ulug’bek”), Burhonov (R.Orifjonov, “ona hukmi”) kabi rollari bilan tanilgan. Rejissyor sifatida “Duel” (M.Bayjiev), “guldan ham nozik” (R.Orifjonov), “kelin keldi” (D.Fayziy), “Sarhovuzning bo’ylarida” (X.Sultonov), “Afandi va Azroil”, “Temir xotin” (Sh.Boshbe-kov) va boshqa spektakllarni sahnalashtirgan. “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan (2003).