Qushqo’nmas, kafsha

Qushqo’nmas, kafsha — murakkabguldoshlarga mansub bir va ko’p yillik o’tlar turkumi. O’zbekistonda bir yillik oq Qushqo’nmas, bir yoki ikki yillik Shishkin Qushqo’nmasi yoki tuyaquyruq, ikki yoki ko’p yillik bo’yalgan Qushqo’nmas kabi turlari uchraydi. Poyasi tik o’sadi, yuqori qismi sershox, serbarg. Barglari seret, uzunchoq nashtarsimon, chetlari tikanli. Gullari mayda, naysimon, och sariq, savatcha to’pgulga yig’ilgan. Mevasi urug’cha. O’qildizi tuproqqa juda chuqur kiradi. Iyun—iyulda gullaydi, avgust—sentabrda mevalaydi. Urug’idan ko’payadi. Urug’lari 16-25° da ko’karadi. Lalmi va sug’oriladigan don ekinlari orasida o’sadi. Shuningdek, tashlandiq yerlar, yo’l yoqalari, bog’, tokzor, ariq bo’ylarida uchraydi. Zararkunanda hasharotlar va o’simlik bitlariga makon. Kurash choralari: ang’izni yumshatish, shudgor qilish; don ekinlariga gerbitsidlar purkash.