Qustiruvchi dorilar
Qustiruvchi dorilar – qustirish xususiyatiga ega bo’lgan dori vositalari. Qustiruvchi dorilardan boshqa dorilar ham nojo’ya ta’sir ko’rsatib qustirishi mumkin. Qustiruvchi dorilar ta’sir mexanizmiga ko’ra Markaziy va reflektor ta’sir qiladigan xillarga ajratiladi: birinchi guruhga uzunchoq miyaning to’rtinchi qorinchasi tubida joylashgan qustirish markazi trigger zonasi xemoreseptorlarini qo’zg’atib qustiradigan vositalar — apomorfin gidroxlorid, naperstyanka (angishvonagul) preparatlari va morfin kiradi. Ikkinchi guruh Qustiruvchi dorilarga me’daning pilorik qismi va o’n ikki barmoq ichak shilliq qavatida adashgan nerv afferent tolalar uchlariga qo’zg’atuvchi ta’sir ko’rsatuvchi vositalar kiradi. Hosil bo’lgan impulslar qustirish markaziga etib borib, uni qo’zg’atadi. Bularning tanlab qustiruvchi ta’siri asosan, me’da-ichak yo’lidan yomon so’riladigan yoki so’rilmaydigan Qustiruvchi dorilarda namoyon bo’ladi. Qayt qilish markazi va me’da shilliq pardasidagi sezuvchi nerv uchlariga reflektor ta’sir qiluvchi Qustiruvchi dorilarga ipekakuana ildizi dorivor preparati — emetin hamda bir qator o’simliklar tarkibiga kiruvchi saponinlar, shuningdek, ammiak, og’ir metall tuzlari preparatlari va boshqalar kiradi. Qustiruvchi dorilar ta’sirida asosan so’lak sekretsiyasi va bronxial shilliq ajralib chiqishi ortadi, ko’p terlash, nafas olish va qon aylanishi o’zgaradi, ko’ngil aynishiga xos dastlabki belgilar kuzatilib, qusish xurujlari yuzaga keladi. Reflektor Qustiruvchi dorilarda ushbu bosqich Markaziy ta’sir qiladiganlariga (apomorfin) ko’ra davomliroq ta’sir etadi. Qustiruvchi dorilar juda zarur hollardagina, ya’ni o’tkir zaharlanish, me’dani yuvishni iloji bo’lmaganida, surunkali Alkogolizmni davolashda shifokor nazorati ostidagina qo’llaniladi. Bunda, asosan, apomorfin va emetindan foydalaniladi. Hushsiz yotgan bemorlarga Qustiruvchi dorilar qo’llanilmaydi, chunki qusuq moddalari nafas yo’llariga ketib qolib, asfiktsiyaga sabab bo’ladi.