Rabodxo’ja qo’rg’oni, rabodi Xoja

Rabodxo’ja qo’rg’oni, rabodi Xoja — qadimgi istehkom. Samarqandning Janubi sharqida, Zarafshon daryosining chap sohilida, Darg’om kanalining bosh to’g’oni yonida barpo etilgan. Ilk o’rta asrlarda u “Varqsar” (“To’g’onboshi”) nomi bilan mashhur bo’lgan. Rabodxo’ja qo’rg’onining saqlanib qolgan tashqi devori qoldig’iga qaraganda, qo’rg’onning uzunligi 600 metr, kengligi 300 metr va maydoni 18-20 gektar, uchta darvozasi bo’lgan. Rabodxo’ja qo’rg’oni muhim strategik ahamiyat kasb etgan. Tabariyning yozishicha, xalifalikka qarshi Samarqandda ko’tarilgan qo’zg’olonni bostirish uchun Xuroson noibi Xuzayna 721 yil Rabodxo’ja qo’rg’oniga xujum qilib, Darg’om kanalini bog’lashga harakat qilgan. Biroq, so’g’diylar qo’rg’onni qattiq mudofaa etganlar. 736 yil Xuroson noibi Asad ibn Abdulloh ham Rabodxo’ja qo’rg’oni ni egallab, samarqandliklarni suvsiz qoldirishga uringan. Shu tufayli Rabodxo’ja qo’rg’onida qadimdan katta harbiy kuch saqlangan. Nasafiyning ma’lumotiga ko’ra, 12-asrda Rabodxo’ja qo’rg’onida 4 ming suvoriy va 12 ming piyoda jangchi yashagan. 15-asrda Rabodxo’ja qo’rg’oni atrofida 40 mingga yaqin aholi istiqomat qilgan. Ularga Samarqand hokimi tomonidan Darg’om kanalining bosh to’g’onini nazorat qilib turish va tuzatish topshirilgan bo’lib, bu xizmatlari uchun ular davlat tomonidan solinadigan xirojdan ozod etilganlar. Rabodxo’ja qo’rg’onida to’g’onchilar boshliqlaridan Abu Zakariyya Varaqsariy (844 yil) va Xoja Zakariyya varaq (12-asr)lar dafn etilib, pishiq g’ishtdan maqbara bino qilingan. Shu bois bu qo’rg’on rabodi Xoja nomi bilan shuhrat topgan. Ad. Muhammadjonov A., Quyi Zarafshon vodiysining sug’orilish tarixi, T. 1972. Abdulahad Muhammadjonov.