Radiatsion genetika
Radiatsion genetika — genetik soning bir bo’limi; organizmlarni rentgen nurlari yoki radioaktiv elementlar bilan nurlantirish natijasida ularda ro’y beradigan irsiy o’zgaruvchanlik (mutasiya)ni o’rganadi. 20-asr boshlarida nurlarning hujayra va organizmning turli funktsional holatiga ta’siri (hujayralarning bo’linishi, ko’payish, qon shaklli elementlarining o’zgarishi va hokazolar) haqida dastlabki ma’lumotlar olindi. Olimlardan G.A.Nadson va G.S. Filippov, amerikalik genetik Myollerlar tomonidan (1925-27) ion nurlar irsiy o’zgaruvchanlik — mutasiyaga qodir ekanligi tajribada isbotlandi. Ana shu ilmiy tadqiqotlar Radiatsion genetikaning rivojlanishida muhim rol o’ynadi. Sun’iy mutatsiyalar hosil qilish, ya’ni organizmga nur ta’sir ettirish yo’li bilan irsiyatni eksperimental o’rganish usuli ishlab chiqildi. Nur ta’sirida vujudga kelgan mutasiyalar irsiy o’zgaruvchanlikni va turli organizmlarning irsiy potentsiyasini o’rganish bilan birga, radiasiyaning irsiyatga ta’sirini, uning eng kichik strukturasi — gen haqida ma’lumot olish imkonini berdi. Radiatsion genetika usullari asosida mikroorganizmlar selektsiyasi sohasida olib borilgan tadqiqotlar natijasida antibiotiklarning yangi shtammlari va ulardagi biologik faol moddalar aniqlandi. 20-asr o’rtalariga kelib ionlovchi nurlarning odam organizmiga ta’sirini o’rganish katta ilmiy va amaliy ahamiyatga ega bo’ldi. Odam organizmini nurlarning salbiy ta’siri (jumladan, irsiy apparatga ta’siri)dan saqlash, shuningdek, organizmni nurlanishdan himoya etuvchi moddalarni ishlab chiqish Radiatsion genetikaning dolzarb masalalaridandir. Odam organizmining reparatsiyalovchi fermentlar yordamida nurlanishning salbiy ta’sirini qaytarish imkoniyati tug’ildi. Muhitda nurlanishning ortishi mutasiyalarning ko’payishiga, bu esa o’z navbatida irsiy kasalliklar, mayibmajruhlik va xavfli o’smalarning paydo bo’lishiga olib keladi. Keyingi yillarda kosmik Radiatsion genetika muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Kosmik nurlar bilan kosmik uchish omillarining mikroorganizmlar, o’simliklar, hayvonlar va odamga birgalikda ko’rsatadigan ta’siri qonuniyatlari o’rganilmoqda.