Radiofizika

Radiofizika — fizikaning radiotexnika va unga bog’liq texnika sohalari asosini o’rganish bilan shug’ullanadigan bo’limi. Unda chastotalari 103 Gts dan 1015 Gts gacha bo’lgan elektromagnit tebranishlar va to’lqinlarning uyg’onishi, nurlanishi, muhitda tarqalishi, qabul qilinishi hamda parametrlari (chastota, amplituda, faza va boshqalar)ning o’zgarishi; to’lqinni hosil qilayotgan o’zgaruvchi elektr va magnit maydonlarning vakuumdagi va jismdagi zaryadlar bilan o’zaro ta’sirlari o’rganiladi. Radiotexnika, radioaloqa, radioeshittirish va teleko’rsatuvlar kabi sohalarning keng ko’lamda rivojlanishi natijasida 20-asrning 30-40-yillarida Radiofizika to’la shakllandi. Radiofizikaning asosiy vazifasi: 1) tebranma tizimlarda vujudga keluvchi elektr va magnit tebranishlarni barcha parametrlari bilan nazariy va amaliy jihatdan o’rganish. Bundan 1-2 Gts dan 10″ Gts gacha va undan yuqori chastotali tebranishlar hosil qilishning yangi usullarini ishlab chiqishda foydalaniladi; 2) radiodiapazondagi elektromagnit to’lqinlarining vakuumdagi, gazlar va qattiq jismlardagi tok tashuvchilar — zaryadlar bilan o’zaro ta’sirini o’rganish. Vakuumdagi elektron oqimning elektromagnit maydon bilan o’zaro ta’sirini o’rganish natijasida elektron lampalar va elektron asbob (magnetron, klistron) lar ixtiro qilindi. Elektromagnit maydonning ionlashgan gazlar o’zaro ta’sirini o’rganish natijasida gaz razryadli asboblar yaratildi. Radiodiapazondagi elektr tebranishlar va to’lqinlarning yarimo’tkazgich, dielektrik kristallar va o’ta o’tkazuvchan qurilmalardagi elektron jarayonlari bilan o’zaro ta’sirini o’rganish natijasida generatorlar, kuchaytirgichlar (yarimutkazgichli diod, transistor va boshqalar) yaratildi; 3) radioto’lqinlarning nurlanishi va tarqalishini o’rganish. Turli xil antennalardan elektromagnit to’lqinlarning nurlanishi va ularning muhitdagi tarqalishini nazariy va amaliy o’rganish radioaloqa tizimini yaratishda muhim ahamiyatga ega. Radiosignallarni erdan tashqarida yoki uning ichida tarqalishi ham muhim masalalardan biri bo’lib, Radiofizika ularni atmosfera, troposfera, ionosfera va kosmik fazoda tarqalishini barcha geofizik va kosmik ko’rsatkichlarini hisobga olib, geofizika bilan birga o’rganadi. Radiofizikaning rivojlanishi yangi hodisalarning ochilishi va ularni amalga oshirish bilan; uning muvaffaqiyatlari yaqin sohalar — dielektriklar fizikasi, yarimo’tkazgichlar fizikasi, kvant elektronika, o’tkazgichlar fizikasi bilan uzviy bog’liq. Radiofizikaning ba’zi bo’limlari fizikaning mustaqil sohasi (radioastronomiya, radiospektroskopiya, radiometeorologiya va boshqalar) bo’lib qoldi.