Radiometeorologiya
Radiometeorologiya (radio… va meteorologiya) — troposfera va stratosferalagi meteorologik sharoitlarning radioto’lqin (asosan, ultraqisqa to’lqin)lar tarqalishiga ta’sirini, shuningdek, radiosignallar yordamida troposfera va stratosferadagi meteorologik hodisalarni o’rganuvchi fan sohasi. Radiometeorologik tadqiqotlarga birinchi marta A. S. Popov o’zining yashin qaytargich asbobini yaratish bilan asos soldi (1895). 20-asr 20-yillarida ultraqisqa radioto’lqinlarning tarqalishi, asosan, troposferadagi meteorologik jarayonlarga bog’liqligi, shuningdek, radioto’lqinlarning troposferada tarqalishidan unda sodir bo’layotgan jarayonlarni o’rganish mumkinligi aniqdandi. Radioto’lqinlarning atmosferada tarqalish nazariyasi 20-asr 50-yillarida rus olimi V. A. Fok tomonidan yaratildi. Atmosferaning yer sathidan 5 kilometr balandligidagi qismi radioto’lqinlarning tarqalishida asosiy hisoblanadi, chunki shu qismda atmosferadagi bosim, temperatura va namlik hamda gidrometeorologik xossalar (atmosferadagi namlik kondensatsiyasi — yomg’ir tomchisi, tuman, bulutlar) va har xil aralashmalar kabi o’zgaruvchi omillar havoning sindirish ko’rsatkichi p ga ta’sir qiladi. Radioto’lqinlarning troposfera va stratosferada tarqalishida ular sinadi, yutiladi, qaytadi va sochiladi. Bunda har bir hodisaning intensivligi stratosfera va troposferaning kuzatilayotgan vaqtdagi holatiga bog’liq. Bunday muhitda tarqalayotgan radioto’lqinlarni o’rganish yo’li bilan muhitning meteorologik holatini aniqlash mumkin, masalan, atmosfera dielektrik singdiruvchanligi e ning vertikal va gorizontal taqsimoti radioto’lqinlar bilan aniqlanib, havo namligi, temperaturasi, yog’inlar intensivligi, bulutlardagi suv zarralari kontsentratsiyasi va b. meteorologik elementlar aniqlanadi. Radiometeorologiyaning iklimi turlicha hududlarda i ning mavsumiy o’zgarishini, atmosfera gazlarida yutilishi hamda bulutlar va yog’inlarda kuchsizlanishini o’rganuvchi sohasi radioiqlimshunoslik deyiladi. Radiometeorologiyada radiolokatsiya usullari keng qo’llaniladi.