Radioto’lqinlar difraktsiyasi

Radioto’lqinlar difraktsiyasi — radioto’lqinlar to’siqqa uchraganda kuzatiladigan hodisa. Radioto’lqin bir jinsli muhitda tarqalayotganida to’siqqa uchrab, o’z amplitudasi va fazasini o’zgartirib, to’g’ri chiziqli yo’nalishidan chetlashadi. Bu hodisa yorug’lik difraktsiyasita o’xshab ketadi. Real sharoitda to’siq turli shaklli va u radioto’lqinlar uchun shaffof yoki noshaffof bo’lishi mumkin. Difraktsion o’tish hodisasi to’siq-o’lchami bilan to’lqin uzunligining o’zaro nisbatiga bog’liq. Bu bog’lanish to’lqin uzunligi oshishi bilan kuchayadi. Yerning sferik yuzasidagi Radioto’lqinlar difraktsiyasi tufayli radioto’lqinlar to’g’ri ko’rinish chegarasidan tashqarida ham qabul qilinadi. Radioto’lqinlar yer yuzasi yaqinida tarqalayotib, to’lqin energiyasining yerda qisman yutilishi tufayli so’nadi. Uning to’lqin uzunligi qancha qisqa bo’lsa, shunchalik ko’proq o’z amplitudasini kamaytiradi. Shu sababli to’lqin tarqalish masofasi to’lqin uzunligiga bog’liq bo’lib, to’lqin uzunligi yetarli uzun bo’lgan radioto’lqinlar Radioto’lqinlar difraktsiyasi tufayli bir necha ming kilometrgacha tarqalishi mumkin.