Radiouzatkich

Radiouzatkich — radiochastotalar diapazonidagi elektr tebranishlarni antenna orqali elektromagnit to’lqinlar tarzida uzatuvchi qurilma (qurilmalar majmui); asosiy elementlari: yuqori chastotali elektr tebranishlar generatori, uzatilayotgan xabarlarga muvofiq ularning parametrlarini boshqaradigan (modulyasiyalaydigan) modulyatordan iborat. Radiouzatkich axborotlarni radioto’lqinlar yordamida uzatish tizimlari va qurilmalarining muhim qismi. Radiouzatkich ish to’lqini diapazoniga, antennaga berilayotgan tebranish quvvatiga, ish turiga (telegraf, telefon va boshqalar), modulyatsiyalash usuliga (amplitudali, chastotali, fazali va boshqalar), generatsiyalovchi elektron asboblari xiliga (lampali, tranzistorli, magnetronli, klistronli va boshqalar), vazifasiga (aloqa, eshittirish, lokatsion, televizion va boshqalar), o’rnatilishiga (stasionar, ko’chma) qarab xillarga bo’linadi. Radiouzatkich o’zgarmas tok (kam hollarda o’zgaruvchan tok) energiyasini radiochastota tebranishlari energiyasiga aylantirib beruvchi generator, modulyator va elektr manbaidan iborat. Dastlabki Radiouzatkichlardan birini rus ixtirochisi A. S. Popov 1895 yil ixtiro qilgan. Radioaloqa, televidenie, radioeshittirish, radiolokatsiya, radionavigatsiya va texnikaning boshqa sohalarida, ilmiy eksperimentlarda qo’llaniladi.