Radlov Vasiliy Vasilevich
Radlov Vasiliy Vasilevich (Fridrix Vilgelm) (1837.5.1, Berlin — 1918.12.5, Petrograd) — rus sharqshunos-turkiyshunosi, etnograf va tarjimon. Peterburg Fanlar Akademiyasi a’zosi (1884), falsafa fanlari Doktori (1858). Berlin universitetini tugatgan (1858). Peterburg Fanlar Akademiyasi Osiyo muzeyi (1885-90), antropologiya va etnografiya muzeyi direktori (1894-1918). 1858 yildan umrining oxirigacha Rossiyada yashagan Radlovning hayoti va ilmiy faoliyati shartli ravishda 3 davrga bo’linadi: oltoy davri (1859-71)da Radlov Oltoy va G’arbiy Sibirdagi turkiy xalqlar tillarini o’rgangan, bu xalqlarning tillari, folklori, etnografiyasi va arxeologiyasiga oid materiallar to’plab, ularni dastlabki ishlovdan o’tkazgan. Qozon davri (1871-84)da uning turkiy tillar fonetikasiga bag’ishlangan yirik asari — “Shimoliy turkiy tillarning chog’ishtirma grammatikasi. lqism. Fonetika” Leypsigda nemis tilidachop etilgan (1882-83). Peterburg — Petrograd davri (1884-1918)da Radlov nomini jahonga tanitgan 4 jildli 24 kitobchadan iborat “Turkiy lahjalar lug’ati tajribasi” (“Opit slovarya tyurkskix narechiy”) dunyoga keldi. Ushbu fundamental asar 40 dan ortiq turkiy tilda uchraydigan 70 ming lug’aviy birlikni qamrab olgan. Radlov 1860-70 yillardagi Oltoy, Sibir, Qozog’iston, O’rta Osiyo ekspeditsiyalarining ishtirokchisi, 1891 yildagi Urxun ekspeditsiyasining rahbari, 1898 yildagi Turfon ekspeditsiyasining tashkilotchisi bo’lgan, birinchilardan bo’lib turkiy urxun-yenisey yozuvini o’qigan; 21-asr yozma yodgorligi bo’lmish “Qutadg’u bilig”ning Vena kutubxonasidagi uyg’ur yozuvli nusxasining faksimilesini va nemischa tarjimasini nashr etish bilan (1891-1910) ushbu asarni o’rganishga asos solgan. Radlov o’zining 60 yillik ilmiy faoliyati davomida o’z ilmiy qiziqishlari doirasiga asta-sekin turkiyshunoslikning barcha sohalarini qamrab olgan va mazkur sohalarda rus va nemis tillarida yaratgan ishlari bilan turkiyshunoslikning rivojlanishiga katta hissa qo’shgan. As: Obraztsi narodnoy literature tyurkskix plemen, jivutshix v Yujnoy Sibiri i Dzungarskoy stepi, ch. 1 — 10— Spb., 1866— 1907; opit slovarya Tyurkskix narechiy, TT. 1— 4spb., 1893-1911. Ad.: Kononov A. N., Istoriya izucheniya tyurkskix Yazikov v Rossii. Dooktyabrskiy period, L., 1972; Qo’chqortoev I., Isabekov B., Turkiy filologiyaga kirish, T., 1984. Ergash Umarov, Abduvahob Madvaliyev.