Radxakrishnan Sarvapalli
Radxakrishnan Sarvapalli (1888.5.9, Andhra-Pradesh shtati — 1975.17.4, Madras) — Hindiston vitseprezidenti (1952-62), Prezidenti (1962-67), faylasuf olim, davlat va siyosiy arbob, diplomat. Madras universitetida tahsil olgan. Maysur universitetida professor (1918-26), Kalkutta universitetida falsafa kafedrasining mudiri (1921-31). Hindiston faylasuflar jamiyatining prezidenti (1927-50), Andhra (1931— 36) va Banoras universitetlarida boshkantsler (1939-40). YuNESKOda Hindiston delegatsiyasining rahbari (1946 — 50), Hindistonning SSSRdagi elchisi (1949-52). Dexli universitetida kantsler (1953-62), Oksford (Angliya) universitetida professor, Moskva universitetida professor (1956). Xalq ozodlik harakatida faol ishtirok etgan. Gandi va J. Neduning safdoshi. Radxakrishnan mustamlaka tizimini tugatishga da’vat qilgan, harbiy uyushmalarni qoralagan, urushlardan voz kechishga chaqirgan. Radxakrishnan ko’plab falsafiy hamda adabiyot, ta’lim, tarix, siyosatga oid asarlar muallifi. Radxakrishnanning 2 jilddan iborat “Hind falsafasi” asari rus tiliga tarjima qilingan. As: Indiyskaya filosofiya, t. 1-2, M., 1956-1957.