Rafael
Rafael [asli Rafaello Santi (Santsio), Rafaello Santi (Sanzio)] [1483.26 yoki 28.3 (ayrim manbalarga ko’ra, 6.4), Urbino — 1520.6.4, Rim] italyan rassomi va me’mori; Rafael san’atida yuksak Uyg’onish davriga xos bo’lgan go’zallik va mukammal dunyo haqidagi ilg’or qarashlar, hayotbaxsh ideallar uyg’unlikda o’ta aniqlik bilan mujassamlashgan. Ilk asarlaridayoq manzara bilan uyg’unlashgan nafis shakllar Rafaelning yuksak iqtidoridan darak beradi (“riser uyqusi”, Milliy galereya, London; “Madonna Konestabile”, Ermitaj — taxminan 1500-02), “Mariyaning nikohi” asari (1504, Brera) fazoviy echimi jihatidan ustozi Perujino asarlariga yaqin. 1504-08 yillar Florentsiyada yashab, buyuk san’atkorlar (Leonardo da Vinchi, F. Bartolommeo va boshqalar) ijodi, anatomiya va perspektivani o’rganadi, dramatik voqealarga boy asarlar yaratadi (“tobutga qo’yish”, 1507, Borgoze gal., Rim va boshqalar), ko’plab yaratgan madonnalari unga katta Shuhrat keltirdi: “Madonna Granduka” (Pitti, Florentsiya), “Bog’bon Madonna” (Luvr, Parij) va boshqalar. 1508 yildan Papa Yuliy II taklifi bilan Rimda yashab, ijod qiladi, antik yodgorliklar bilan tanishadi, arxeologik qazishmalarda ishtirok etadi. Vatikan saroyida devoriy rasmlar turkuminl yaratadi: ularda ozodlik g’oyalari va insoniy baxt, insonni har tomonlama jismoniy o’sishi va ruhiy imkoniyatlarini tarannum etadi, saroy zal (stans)lariga ishlagan freskalari rassomlik san’atida monumental rangtasvirning katta yutug’i, tasviriy san’atning me’morlik bilan uyg’unligining eng yaxshi namunasi bo’ldi. Jumladan, Della Senyatura zalida inson faoliyatining 4 sohasi — din (“munozara”), falsafa (“Afina maktabi”), she’riyat (“Parnas”), huquq (“aql, mezon va kuch”)ni tasvirlaydi qamda plafonda shu kompozitsiyalarga mos Injil va afsonalar mazmuniga oid majoziy shaklli kompozitsiyalar yaratib, ulkan iste’dod egasi sifatida shuxrat qozondi. Rimda Rafael yetuk portretchi sifatida namoyon bo’ldi: “Papa Yuliy II” (taxminan 1510), “kardinal portreta” (taxminan 1512), “B.Kastilone” (1515-16), “Lev X kardinallar bilan” (taxminan 1518) va boshqalar; “Madonna Alba” (taxminan 1510—I), “Madonna Di Folino” (taxminan 1511-12) kabi madonnalar tasvirida ulug’ tuyg’u — onalik tuyg’usini bera oldi, ayniqsa, “Sikst madonnasi” (1515-19) eng mukammal asar sifatida xavotirlik va o’ta nafosat tuyg’usini uyg’unlashtirgan. Rafaelning me’morlikdagi faoliyati muhim ahamiyatga ega bo’ldi; me’mor barmante boshlagan Rimdagi Avliyo Pyotr sobori qurilishiga uning vafotidan so’ng Rafael rahbarlik qiddi, qurilishni o’zining yangi bazilikali loyihasi asosida davom ettirdi. Vatikandagi bir necha binolar Rafael rahbarligida qurilgan, uning loyihasi va rasmlari asosida ko’p binolar, ayniqsa, yirik saroylar barpo etilgan; har bir saroyga o’ziga xos qiyofa va bezaklar berishga intilgan [Rimda Rafael loyihasi asosida aylana tarxli Santelijo Deli Orefichi cherkovi (1509 yildan), Santamariya del Popolo cherkovining nafis Kiji kapellasi (1512— 20) va palassolar qurilgan], u qurgan binolar salobatliligi va intererlarining nozikligi bilan ajralib turadi. Uzoq vaqtlar davomida betakror san’at namunasi mavqeini saqlagan Rafael ijodiga keyingi davr ijodkorlari ideal san’at namunasi sifatida takror-takror murojaat etdilar.